Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

Jinoyat qonunini sharhlash


Jinoyat qonunini sharhlash

Qonunni sharhlash deganda jinoyat qonunini tushuntirish, uning mazmunini ochib berish va undagi atamalar maʻnosiga aniqlik kiritish tushuniladi. Qonunni sharhlash oʻz ichiga ikki elementni qamrab oladi, bular:

1) qonun mazmunini ochib berish;

2) uni qoʻllovchi amaliyot xodimlariga tushuntirish.

Qonunni sharhlash uning bir xilda qoʻllanishi va undagi boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qiladi. Jinoyat huquqi nazariyasida qonunni sharhlash bir qator turlarga ajratilgan va turlicha tasniflangan.

Jumladan, jinoyat qonuni sharhlar turlarining quyidagicha tasniflash mumkin:

1) subyektiga koʻra;

2) usuliga koʻra;

3) hajmiga koʻra.

Subyektiga koʻra sharhlash uch turga boʻlinadi, bular: - legal (rasmiy) sharhlash; - sud tomonidan sharhlash; - ilmiy sharhlash. Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 43-moddasiga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda amalga oshiriladi. 23 Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharhni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi beradi. Qonunosti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga rasmiy (legal) sharhni faqat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi berishi mumkin. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini sharhlash yuzasidan va uning u yoki normasini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emasligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sharh berishi mumkin. Sud tomonidan sharhlash Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi vakolatiga kiradi. Mazkur Qonunning 17-moddasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini koʻrib chiqadi va qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi. Ilmiy sharhlash deganda jinoyat huquqi fani mutaxassislari va bu sohada faoliyat yurituvchi olimlar, ilmiy xodimlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini sharhlash tushuniladi. Ilmiy sharhlash rasmiy sharhlashga qaraganda tavsiyaviy ahamiyat kasb etib, unda olimning jinoyat-huquqiy normalarga nisbatan oʻz fikrlari bayon etilib sharhlanadi. Jinoyat kodeksini usuliga koʻra sharhlash turlari toʻrtga boʻlinadi:

1) grammatik;

2) tizimli;

3) tarixiy;

4) mantiqiy.

Jinoyat qonunini grammatik sharhlash deganda uni adabiy til qoidalari va qonunchilik texnikasiga muvofiq sharhlash tushuniladi.

Jinoyat qonunini tizimli sharhlash deganda, uning normalarini boshqa jinoyat qonuni normalari bilan yoki boshqa huquq sohalari bilan taqqoslab sharh berilishiga aytiladi.

Tarixiy sharhlash huquq normasi qabul qilingan davlatda norma qabul qilinishiga sabab boʻlgan holatlarni aniqlash asosida sharh berilishiga aytiladi.

Mantiqiy sharhlashda esa har qanday huquqiy norma mantiq qoidalari asosida sharhlanishiga aytiladi.

Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi

yuridik xizmat koʻrsatish

Markazi boshligʻi                                                                  S.Djamalov