Янгиликлар
Majburiy jamoat ishlari jazosi.
Majburiy jamoat ishlari jazosi.
Mazkur jazo Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-sonli Qonuniga asosan penalizatsiya qilingan, yaʻni jinoyat qonunchiligiga jinoiy jazo sifatida kiritilgan. Ushbu jazo mahkumni pul, maosh toʻlanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishda ifodalanadi. Agar mahkum biror joyda ishlasa yoki taʻlim olsa majburiy jamoat ishlari uning ishdan yoki oʻqishdan boʻsh vaqtida oʻtaladi. Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini oʻtashi mumkin boʻlgan joylar (obʻektlar) va majburiy jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jinoiy jazo: – bir yuz yigirma soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha boʻlgan muddatga; – olti oy davomida kuniga toʻrt soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda ijro etish sharti bilan tayinlanadi. Biroq, jazoning ijrosini taʻminlashda mahkum bilan bogʻliq boʻlmagan uzilishlar yuz bersa jazoni ijro etish kuniga toʻrt soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda bir yilgacha boʻlgan muddatda oʻtaladi.
Quyidagi shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi:
– pensiya yoshiga yetganlar;
– oʻn olti yoshga toʻlmaganlar;
– homilador ayollar; – uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar;
– birinchi va ikkinchi guruh nogironlari;
– harbiy xizmatchilar;
– chet el fuqarolari;
– Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydiganlar.
Majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlangan shaxs jazoni oʻtashdan boʻyin tovlasa sud jazoning oʻtalmagan muddatini ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazolardan biriga almashtiradi. Bunda majburiy jamoat ishlarining toʻrt soati ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblanadi. Biroq, mahkum majburiy jamoat ishlari jazosini oʻtashdan boʻyin tovlagan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi S.Djamalov