Янгиликлар
Axloq tuzatish ishlari jazosi.
Axloq tuzatish ishlari jazosi.
Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo sud tomonidan shaxs axloqini uni ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlab ham tuzatish mumkin degan xulosa kelingan hollarda tayinlanadigan jinoiy jazo sanaladi.
Bu turdagi jazo mahkumning oʻz ish joyi yoki mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda oʻtaladi. Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo olti oydan uch yilgacha muddatga aybdor ish haqining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb qilish yoʻli bilan tayinlanadi.
Quyidagi shaxslarga nisbatan axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi:
– pensiya yoshiga yetganlar;
– mehnatga qobiliyatsizlar;
– homilador ayollar;
– uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar;
– harbiy xizmatchilar.
Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami boʻlib oʻndan bir qismidan koʻprogʻini oʻtashdan boʻyin tovlasa, sud axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi.
Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra axloq tuzatish ishlari, odatda, ish joyida oʻtash sharti bilan tayinlanishi lozim.
Biroq, jinoyat sodir etgan shaxs oʻz kasb yoki xizmat vazifasini bajarish bilan bogʻliq holda jinoyat sodir etgan boʻlsa, uning oʻsha ish joyida qoldirilishi jazoning tarbiyaviy ahamiyati pasayishiga olib kelishi ehtimoli borligi sababli axloq tuzatish ishlarini ushbu jazo ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan belgilangan joyda oʻtash tayinlanishi mumkin.
Jinoyat kodeksining bir necha moddasi boʻyicha axloq tuzatish ishlari tayinlanayotganda, jazo muddati va ish haqidan chegirma miqdori har bir modda boʻyicha alohida, soʻngra esa, ularning majmui boʻyicha belgilanadi.
Bunda jazoning uzil-kesil muddati va chegirma miqdori JKning 46-moddasida belgilangan chegaradan ortib ketishi mumkin emas.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi S.Djamalov