Янгиликлар
Jamoaviy sport turlari rivojlantiriladi
Jamoaviy sport turlari rivojlantiriladi
“Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ-421-son, 04.12.2024 y.) qabul qilindi
Qarorga koʼra, 2025/2026 oʼquv yilidan barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari boʼyicha, boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʼyicha sport klublari tashkil etiladi.
2025/2026 oʼquv yilidan jamoaviy sport turlari boʼyicha quyidagi sport musobaqalarini oʼtkazib borish yoʼlga qoʼyiladi:
“Maktab ligasi”;
“Talabalar ligasi” va “Oliy taʼlim kubogi”;
“Rektor kubogi”.
Vazirlik va idoralar, xoʼjalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʼyicha sport klublari tashkil qilinadi.
Bunda jamoaviy sport turlari boʼyicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari oʼtkazib boriladi.
Quyidagilar yoʼlga qoʼyiladi:
tadbirkorlik subʼektlarida jamoaviy sport turlari boʼyicha sport klublarini tashkil qilish;
tadbirkorlik subʼektlari sport klublari oʼrtasida “Korporativ sport oʼyinlari” sport musobaqasini oʼtkazib borish.
Bo‘ka tumani yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti N.A.Tojiqulova