Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Ishga qabul qilishni rad etishga qaysi hollarda gʻayriqonuniy hisoblanadi?


Ishga qabul qilishni rad etishga qaysi hollarda gʻayriqonuniy hisoblanadi?

Javob: Har bir shaxsning mehnat huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksi bilan kafolatlanadi. Har qanday holatda ham ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etish deb – ish beruvchi tomonidan taklif qilingan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasi tuzishi shart boʻlgan shaxslarni (belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarni, homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarni – tegishincha ularning homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilib) ishga qabul qilmaslik; muqaddam sudlangan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno, yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar hisoblanadi.

Agar ishga qabul qilish rad etilsa, xodimning talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab uch kun muddat ichida yozma javob berishi shart, bu javob ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi lozim. Asoslantirilgan javob berish haqidagi talablarni qondirishni rad etish xodimning ishga qabul qilish gʻayriqonuniy ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilishiga toʻsiq boʻlmaydi.

Barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega boʻlish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadir. Xodimni biror bir farqli jihati yoki jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar berilishi xodimni kamsitish deb belgilanadi. Mazkur jixatlariga qarab ishga qabul qilish yoki ishga qabul qilishni rad etish gʻayriqonuniy hisoblanadi.

Ammo mehnat sohasida mehnatning muayyan turiga xos boʻlgan talablar yoki davlatning yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslar (ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironlar va boshqalar) toʻgʻrisidagi alohida gʻamxoʻrligi bilan bogʻliq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi. Mehnat sohasida oʻzini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda oʻziga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni toʻlash toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Bekobod shahar Adliya boʻlimi

yuridik xizmat koʻrsatish markazi

bosh yuriskonsulti                                                                 B.Toshpoʻlatov