Янгиликлар
Ishga qabul qilish qanday rasmiylashtiriladi?
Ishga qabul qilish qanday rasmiylashtiriladi?
Javob: Ishga qabul qilish xodimni ish boshlashi uchun asos boʻluvchi hujjatni, yaʼni ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun esa xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asos boʻlib xizmat qiladi. Korxona rahbarini ishga qabul qilish korxona mulki egasining huquqi boʻlib, bu huquqni u bevosita, shuningdek, oʻzi vakil qilgan organlar orqali yoki korxonani boshqarish huquqi berilgan korxona kengashi, boshqaruvi yoxud boshqa organlar orqali amalga oshiradi. Korxona rahbari korxona mulkdori unga bergan vakolatlar doirasida xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi. Ishga qabul qilish haqidagi buyruq tuzilgan mehnat shartnomasining mazmuniga toʻla muvofiq ravishda chiqarilishi lozim boʻladi.
Shuningdek, buyruq xodimga maʼlum qilinib, tilxat olinadi. Ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan boʻlsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganligidan qatʼiy nazar, ish boshlangan kundan eʼtiboran mehnat shartnomasi tuzilgan, deb hisoblanadi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov