Янгиликлар
Ishga qabul qilishda dastlabki sinovni nima sabablarga koʻra va kimlarga nisbatan belgilanadi?
Ishga qabul qilishda dastlabki sinovni nima sabablarga koʻra va kimlarga nisbatan belgilanadi?
Javob: Xodim mehnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirishning maqsadga muvofiqligi haqida bir qarorga kelishi va xodimning topshirilayotgan ishga layoqatliligini tekshirib koʻrish uchun ishga qabul qilishda dastlabki sinov mehnat shartnomasida belgilanishi mumkin.
Mehnat shartnomasida dastlabki sinovni oʻtash haqida shartlashilgan boʻlishi lozim. Aks xolda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi. Homilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan kvota hisobidan ishga yuborilgan shaxslar ishga qabul qilinganda, shuningdek olti oygacha muddatga ishga qabul qilish haqida xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzilganda dastlabki sinov belgilanmaydi.
Dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim uzrli sabablarga koʻra ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga kiritilmaydi. Dastlabki sinov davrida xodimlarga mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining tatbiq etilishi. Dastlabki sinov davrida xodimlarga mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va korxonada oʻrnatilgan mehnat shartlari toʻliq tatbiq etiladi. Dastlabki sinov davri mehnat stajiga kiritiladi. Dastlabki sinov muddati tugagunga qadar har bir taraf ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Bunday holda ish beruvchi mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz boʻlgandagina bekor qilishi mumkin. Mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ushbu moddaning nazarda tutilgan ogohlantirish muddatini qisqartirishga faqat shartnoma taraflarining kelishuvi bilan yoʻl qoʻyiladi. Ushbu moddaning nazarda tutilgan yoki mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan belgilab olingan ogohlantirish muddati mobaynida xodim mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish toʻgʻrisida berilgan arizani qaytarib olishga haqlidir. Agar dastlabki sinov muddati tugagunga qadar taraflardan birortasi ham mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilishi davom etadi va bundan keyin uni bekor qilishga umumiy asoslarda yoʻl qoʻyiladi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov