Янгиликлар
Dalillarni taqdim qilish majburiyati va taqdim etmaslikning huquqiy oqibatlarini qanday?
Dalillarni taqdim qilish majburiyati va taqdim etmaslikning huquqiy oqibatlarini qanday?
Javob:
Dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi. Agar sud mavjud dalillar yetarli emas deb hisoblasa, ishning obyektiv holatlarini aniqlash va nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan qoʻshimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxs ishda ishtirok etuvchi yoki ishtirok etmaydigan shaxsdagi zarur dalilni mustaqil olish imkoniga ega boʻlmasa, oʻsha dalilni talab qilib olish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli. Iltimosnomada shu dalil bilan ish uchun ahamiyatli qanday holatlar aniqlanishi mumkinligi, dalilning alomatlari va uning joylashgan joyi koʻrsatilishi zarur.
Dalilni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Dalilni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi ajrimda talab qilinayotgan dalilni taqdim etish muddati va tartibi koʻrsatilib, ajrim sud tomonidan talab qilinayotgan dalilni saqlayotgan shaxsga yuboriladi. Sud talab qilayotgan dalilni saqlayotgan shaxs uni bevosita sudga yuboradi yoki sudga topshirish uchun tegishli ajrimni taqdim etgan shaxsga beradi. Agar shaxs sud talab qilayotgan dalilni taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlmasa yoki sud belgilagan muddatda taqdim eta olmasa, u shu muddat ichida bu haqda sudni sabablarni koʻrsatgan holda xabardor qilishi shart.
Dalilni saqlayotgan shaxs talab qilinayotgan dalilni taqdim etish majburiyatini sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra bajarmagan taqdirda, uni saqlayotgan shaxsga sud jarimasi solinadi. Talab qilinayotgan dalilni saqlayotgan shaxsga jarima solinishi uni dalilni sudga taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov