Янгиликлар
Iqtisodiy sudi hal qiluv qarori mazmuni nimalardan iborat?
Iqtisodiy sudi hal qiluv qarori mazmuni nimalardan iborat?
Javob:
Sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat boʻladi. Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi; sud tarkibi, sud majlisi kotibi; ish raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va joy; nizo predmeti; ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ularning vakillari va sud protsessining boshqa ishtirokchilari koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning bildirilgan talablari va eʼtirozlari, tushuntirishlari, arizalari va iltimosnomalarining qisqacha bayoni boʻlishi kerak. Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida: ishning sud tomonidan aniqlangan haqiqiy holatlari; sudning ish holatlari toʻgʻrisidagi xulosalari asoslangan dalillar; sudning u yoki bu dalillarni rad qilganligining, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlarini qabul qilganligining yoki rad etganligining asoslari; hal qiluv qarorini qabul qilishda sud amal qilgan qonunchilik hujjatlari hamda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonunchilik hujjatlarini qoʻllamaganligining asoslari koʻrsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havolalar koʻrsatilishi mumkin. Hal qiluv qarorining xulosa qismida bildirilgan talablardan har birini toʻliq yoki qisman qanoatlantirish haqidagi yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi kerak.
Agar hal qiluv qarorini ijro etish tartibini sud belgilagan yoki uning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrgan boʻlsa, bu haqda hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatiladi. Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida taqsimlash, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) muddati va tartibi koʻrsatiladi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov