Янгиликлар
Fuqarolik ishlarining sudlovliligi tushunchasi va turlarini qanday?
Fuqarolik ishlarining sudlovliligi tushunchasi va turlarini qanday?
Javob:
Fuqarolik ishlarining sudlovliligi deganda, sudlovga tegishli boʻlgan ishlarning turlari hamda joylashgan hududiga qarab bir tizimdagi sud boʻgʻinlari oʻrtasida taqsimlanishini belgilab beruvchi fuqarolik protsessal huquqi normalari majmuiga aytiladi.
Fuqarolik protsessual qonunchilik sudlovga tegishliligining quyidagi ikki turini belgilaydi: -turdosh; -hududiy. Turdosh sudlovlilik deganda, sudlovga tegishli boʻlgan fuqarolik ishlarining ijtimoiy ahamiyati, murakkablik darajasi va subyektlar tarkibiga qarab fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar oʻrtasida taqsimlanishini tushunish lozim.
Mamlakatimizdagi fuqarolik protsessual huquqiga oid darsliklarda ham turdosh sudlovlilik deganda ishning turiga, nizoning predmeti nimadan iborat boʻlishi va taraflarning kimlar boʻlishiga qarab chegaralanishi tushuniladi. Mamlakatimiz fuqarolik protsessual qonunchiligini tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, qonunchilikda fuqarolik ishlari uchun turdosh sudlovga taalluqlilik qoidalari boʻyicha bitta holat nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi FPKning 298-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishni istovchi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizani farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat yoki Toshkent shahar sudiga beradi.
Sudlovlilikning hududiy sudlovga tegishlilik turi fuqarolik ishlarining hudud boʻyicha sudlovga tegishliligi haqidagi umumiy qoidalarni oʻz ichiga oladi. Xususan, arizalarning javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashgʻul boʻlgan joydagi sudga berilishi, tashkilotlarga nisbatan arizalar esa ular davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudga berilishi haqidagi qoidalar shundan dalolat beradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs ariza beruvchi boʻlgan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlarni, shuningdek qonun bilan oʻz vakolatiga kiritilgan boshqa ishlarni koʻradi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov