Янгиликлар
Fuqarolik protsessida uchinchi shaxslar tushunchasi va turlari qanday?
Fuqarolik protsessida uchinchi shaxslar tushunchasi va turlari qanday?
Javob:
Fuqarolik protsessual huquqiy munosabatlar sudda oʻzining huquqi yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini himoya qilishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning, prokurorning hamda agar davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar qonunga muvofiq boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etishga haqli boʻlsalar, ularning bergan arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan ishlar natijasida yuzaga keladi.
Protsessda yana shunday shaxslar ham borki, ular boshqa shaxslar tomonidan boshlangan jarayonga kirib keladilar va fuqarolik huquqiy nizolarning hal etilishidan taraflar kabi manfaatdor boʻladilar. Daʼvogar va javobgarga nisbatan ushbu shaxslar (hisob boʻyicha) uchinchi shaxslar deb eʼtirof etiladi va shuning uchun ham ushbu shaxslar fuqarolik protsessida uchinchi shaxslar deb nomlanadi.
Uchinchi shaxslar fuqarolik protsessida taraflarga tenglashtiriladi. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar ishga kirishishi mumkin. Ular daʼvogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va uning barcha majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi. Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar ishga sud muhokamasi boshlanganidan soʻng kirishgan boʻlsa, ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar, agar ish boʻyicha qabul qilinadigan hal qiluv qarori ularning taraflardan biriga nisbatan boʻlgan huquqlariga yoki majburiyatlariga taʼsir etadigan boʻlsa, sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar daʼvogar yoki javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular taraflarning, prokurorning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomasi boʻyicha yoxud sudning tashabbusi bilan ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar taraflarning protsessual huquqlaridan foydalanadi va ularning protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan arz qilingan talablarning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, ulardan voz kechish huquqi mustasno.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov