Янгиликлар
Fuqarolik protsessida kim qonuniy vakil boʻlishi mumkin?
Fuqarolik protsessida kim qonuniy vakil boʻlishi mumkin?
Javob:
Fuqarolar oʻz ishlarini sudda shaxsan yoki oʻz vakillari orqali yuritishi mumkin. Fuqaroning ishda shaxsan ishtirok etishi uni ish boʻyicha vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi. Tashkilotlar ishlarni oʻz rahbarlari yoki vakillari orqali yuritadi.
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar) himoya qiladi.
Belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaro ishtirok etishi lozim boʻlgan ish boʻyicha uning vakili sifatida mazkur fuqaroning mol-mulkini qoʻriqlash va boshqarish uchun tayinlangan shaxs qatnashadi.
Vafot etgan yoki belgilangan tartibda vafot etgan deb eʼlon qilingan shaxsning merosxoʻri ishtirok etishi kerak boʻlgan ish boʻyicha, agar merosni hali hech kim qabul qilib olmagan boʻlsa, vasiy, homiy, yoxud meros mol-mulkni saqlash va boshqarish uchun tayinlangan saqlovchi shaxs merosxoʻrning vakili sifatida qatnashadi. Qonuniy vakil sudda ish olib borishni oʻzi vakil sifatida tanlagan boshqa shaxsga topshirish huquqiga ega.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxsning, muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan shaxsning qonuniy vakili vakillik qilinayotgan shaxsning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga taalluqli ishlar koʻrib chiqilayotganda uning manfaatlarini koʻzlab barcha protsessual harakatlarni amalga oshiradi.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxsning, muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxsning qonuniy vakili ishlar koʻrib chiqilayotganda shu shaxsning manfaatlarini koʻzlab barcha protsessual harakatlarni cheklangan huquqlar doirasida amalga oshiradi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov