Янгиликлар
Fuqarolik protsessida qanday hollarda prokuror ishtirok etadi?
Fuqarolik protsessida qanday hollarda prokuror ishtirok etadi?
Javob:
Agar fuqaro sogʻligʻining holati, yoshi yoki boshqa sabablarga koʻra sudda oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini shaxsan himoya qilish imkoniyatiga ega boʻlmasa, prokuror fuqaroning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga ega.
Prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek prokurorning arizasiga koʻra qoʻzgʻatilgan ishlar boʻyicha fuqarolik ishining muhokamasida ishtirok etishga haqli. Prokuror boshqa shaxslarning arizalari bilan qoʻzgʻatilgan ishning muhokamasida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas
Ariza bergan prokuror daʼvogarning barcha protsessual huquqlaridan foydalanadi va barcha protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi va sud xarajatlarini toʻlash majburiyati mustasno. Prokuror bergan arizasidan butunlay yoki qisman voz kechish, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun oʻzi arz qilgan talablar boʻyicha sudga tushuntirishlar berish, ish mazmuni yuzasidan, shuningdek ishning muhokamasi vaqtida kelib chiqqan ayrim masalalar boʻyicha oʻz fikrini bayon etish, sud hujjati ustidan protest keltirish huquqiga ega.
Agar daʼvogar rozi boʻlmasa, prokuror oʻzi arz qilgan talablarning asosini yoki predmetini oʻzgartirishga, qoʻshimcha talablar bildirishga, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirishga yoxud kamaytirishga haqli emas. Agar daʼvogar prokuror tomonidan arz qilingan talabni qoʻllab-quvvatlamasa, agar bu uchinchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qilmasa, sud daʼvoni (arizani) koʻrmasdan qoldiradi. Prokurorning boshqa shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun taqdim etgan oʻz daʼvosidan (arizasidan) voz kechishi, ushbu shaxsni ishni mazmunan koʻrib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov