Янгиликлар
Fuqarolik protsessida qanday isbotlash vositalari mavjud?
Fuqarolik protsessida qanday isbotlash vositalari mavjud?
Javob:
Isbotlash vositalarining beshta turi mavjudboʻlib bular: taraflar va uchinchi shaxslar hamda ularning qonuniy vakillarining tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari).
Taraflarning talablari va eʼtirozlarini asoslaydigan holatlarning mavjudligini yoki mavjud emasligini sudning qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos boʻladigan har qanday faktik maʼlumot va ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar fuqarolik ishi boʻyicha dalillardir. Bu maʼlumotlar quyidagi vositalar, yaʼni: taraflarning va uchinchi shaxslarning hamda ular qonuniy vakillarining tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari) bilan aniqlanadi. Anonim xatlarda va kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan yoki qonunni buzgan holda olingan boshqa maʼlumotlar dalil boʻla olmaydi. Taraflarning va uchinchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari belgilangan tartibda videokonferensaloqa tizimidan foydalanish yoʻli bilan olinishi mumkin.
Har bir taraf oʻzining talablari va eʼtirozlariga asos qilib koʻrsatgan holatlarni isbotlashi shart.
Sud qanday holatlar ish uchun ahamiyatga ega ekanligini, ularni taraflardan qaysi biri isbotlashi kerakligini aniqlaydi, hatto taraflar bu holatlarni dalil qilib keltirmagan boʻlsa ham ularni muhokamaga qoʻyadi. Dalillar taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan taqdim etiladi. Sud ularga qoʻshimcha dalillar taqdim qilishni taklif etishi mumkin. Agar qoʻshimcha dalillar taqdim etish taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar uchun qiyinchilik tugʻdirsa, ularga sud dalillar toʻplashda ularning iltimosnomasiga koʻra koʻmaklashadi.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Toshpoʻlatov