Янгиликлар
O'qituvchi faqat yozda ta'tilga chiqishi shartmi? O'ziga qulay vaqtda ta'tilga chiqsa bo'ladimi, masalan, kuz yoki bahorda?
O'qituvchi faqat yozda ta'tilga chiqishi shartmi? O'ziga qulay vaqtda ta'tilga chiqsa bo'ladimi, masalan, kuz yoki bahorda?
Mehnat qonunchiligida pedagog xodimlar aynan yozda ta’tilga chiqishi shart degan talab yo’q. Ko’pchilik MK 227-moddasi 6-qismiga chalg’iydi! Mehnat kodeksi 227-moddasi 6-qismiga ko’ra, har yilgi mehnat ta’tili o‘quvchilarning yozgi ta’tili davrida beriladigan ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchilar tarkibiga 1-ish yilidagi har yilgi mehnat ta’tili o‘quvchilarning yozgi ta’tili davrida to‘liq davomiylikda, ular ushbu ta’lim tashkilotiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar, ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘langan holda beriladi. Mazkur toifadagi xodimlarga 2 va keyingi ish yillari uchun beriladigan mehnat ta’tiliga, ushbu ta’til ish yili davomida qaysi vaqtda berilishidan qat’i nazar, to‘liq haq to‘lanadi.
Gap bu yerda 1-ish yili haqida ketmoqda. "Qaysi vaqtda berilishidan qat’i nazar" jumlasiga e'tibor bering, agar ta'til faqat yozda berilishi shart bo'lganda bu jumla ishlatilmas edi.
Bu yerda pedagog xodim aynan yozda ta’til olsin degan shart yo’q. Demak, yozgi ta’til davrida beriladi degani jumlaga chalg’imanglar!
Buni yanada soddaroq qilib misol bilan tushuntirib o’tamiz. Maktab o’qituvchisi 2023-yil 4-sentabr sanasida ishga qabul qilingan, iyundan hamma pedagoglar singari bir vaqtda ta’tilga chiqmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-son qaroriga ko’ra, pedagog xodimning ta’tili 56 kalendar kun. 56 (ta’til kunlari)/ 12 (oylar soni)= 4.666... 4.666...* 9(ishlangan oylar soni sentabr-may)= 42 kalendar kun. Bu degani, masalan, sentabrda ishga kirgan o’qituvchi 1-ish yili uchun iyundan ya'ni yozgi ta'til davridan ta’tilga chiqdi. Bu xodimga ta’tilni 56 kun to’liq beramiz, ta’til pulini esa 42 kalendar kunga (ishlangan oylar soni sentabr-mayga mutanosib ravishda) to’lanadi (xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili uchun haq to‘lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi).
MK 227-moddasi 3-qismi va 228-moddasi 4-qismiga ko’ra, har yilgi mehnat ta’tili I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga ularning xohishiga ko‘ra qulay vaqtda berilishi kerak.
Ya’ni I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodim qanday kasb yoki lavozimda ekanligidan qat’i nazar, agar ta’tilni o’ziga qulay vaqtda olishni so’rab ariza yozsa, ish beruvchi xodimni arizasini qanoatlantirishi shart. Bu qoida 1-ish yiliga ham, 2- va keyingi ish yillari uchun tatbiq qilinadi!
Demak, nafaqat I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodim balki, MK 227-moddasi 3-qismi va 228-moddasi 4-5-qismlarida nazarda tutilgan xodimlar ham har yilgi mehnat ta’tilini o’zlariga qulay vaqtda olishlari mumkin ekan. Ish beruvchi ularni arizasini qanoatlantirishga majbur. Bu holatda ish beruvchi xodimga darsingni o’tasan, ta’tilingni esa yozda olasan deyishga haqli emas, pedagog ta’tilini faqat yozda olsin degan istisnolar mavjud emas.
Quyi Chirchiq tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
Boshlig‘i 2-darajali adliya maslahatchisi Sh.I.Suleymanov