Янгиликлар
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish tartibi qanday ?
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish tartibi qanday ?
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat boʻlib, u sudlar tomonidan sakkiz soatdan ikki yuz qirq soatgacha boʻlgan muddatga tayinlanadi. Agar huquqbuzar oʻqiyotgan boʻlsa, jamoat ishlari oʻqishdan boʻsh vaqtda bajariladi.
Huquqbuzarlar haq toʻlanadigan jamoat ishlarini oʻtashi mumkin boʻlgan joylar (obyektlar) va haq toʻlanadigan jamoat ishlarining turlari mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar — ichki ishlar organlarining probatsiya boʻlinmalari tomonidan belgilanadi.
Haq toʻlanadigan jamoat ishlari pensiya yoshiga yetgan shaxslarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, doimiy ishga ega shaxslarga, harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar ish haqining ellik foizi aliment majburiyatlari boʻyicha qarzni toʻlashga yoʻnaltiriladi.
Huquqbuzar jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud haq toʻlanadigan jamoat ishlarining oʻtalmagan muddatini haq toʻlanadigan jamoat ishlarining toʻrt soati uchun maʼmuriy qamoqning bir kuniga teng jazo bilan yoxud haq toʻlanadigan jamoat ishlarining sakkiz soati uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng jarima bilan almashtiradi. Bunda maʼmuriy qamoqning muddati oʻn besh sutkadan, jarimaning miqdori esa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oshmasligi kerak.
Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlanilgan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Parkent tumani adliya boʻlimi
YUXKM boshligʻi S.R.Xasanboyev