Янгиликлар
Muayyan huquqdan mahrum qilishga nimalar kiradi?
Muayyan huquqdan mahrum qilishga nimalar kiradi?
Shaxsni muayyan huquqdan mahrum qilish sud tayinlagan muddat davomida aybdorning korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda u yoki bu mansabni egallashini yoxud u yoki bu faoliyat bilan shugʻullanishini taqiqlashdan iboratdir. Ana shunday mansab yoki faoliyatning turi sud tomonidan ayblov hukmida koʻrsatiladi.
Muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorning mansabi yoki ish faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan jinoyatni sodir etganligi uchun asosiy jazo tariqasida tayinlanganda — bir yildan besh yilgacha muddatga, qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlanganda — bir yildan uch yilgacha muddatga belgilanadi.
Agar muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorga asosiy jazo tariqasida tayinlanmagan boʻlsa, bunday jazo sud tomonidan ushbu jinoyat kodeksi maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan har qanday turdagi jazoga qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlanishi mumkin.
Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga joʻnatish jazosiga qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlangan boʻlsa, asosiy jazoning butun muddatiga, bundan tashqari sud hukmi bilan tayinlangan muddatga joriy etiladi. Bu jazo boshqa asosiy jazolarga qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlanganda va mahkum shartli hukm qilinganda uning muddati hukm qonuniy kuchga kirgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanmaydi, bundan odam oʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan hollar mustasno.
Parkent tumani adliya boʻlimi
YUXKM boshligʻi S.R.Xasanboyev