Янгиликлар
Ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilganda qoʻshimcha cheklovlar mavjudmi ?
Ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilganda qoʻshimcha cheklovlar mavjudmi ?
Ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan uy-joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoxud ishlash yoki oʻqish vaqtidan, shuningdek ish yoki oʻqish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur boʻlgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklashdan iborat.
Ozodlikni cheklash bir oydan besh yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida oʻtaladi. Ozodlikni cheklash, uni mahkumning yashash joyida oʻtash shartlari sodir etilgan qilmishning xususiyati va sud chiqargan qarorni ijro etishdan boʻyin tovlashning oldini olish hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi.
Qoʻllanilayotgan taqiqning (cheklashning) xususiyatlarini hisobga olgan holda, sud mahkumning zimmasiga quyidagi qoʻshimcha taqiqlarni (cheklashlarni) yuklashi mumkin:
muayyan joylarga bormaslik;
ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkazishda ishtirok etmaslik;
muayyan faoliyat bilan shugʻullanmaslik;
muayyan buyumlarga ega boʻlmaslik yoki ularni oʻzida saqlamaslik;
transport vositasini boshqarmaslik;
mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini, ish va (yoki) oʻqish joyini oʻzgartirmaslik, tegishli maʼmuriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
muayyan shaxslar bilan aloqa oʻrnatmaslik;
aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik;
alkogolli ichimliklar isteʼmol qilmaslik.
Sud ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxsning zimmasiga oʻzi yetkazgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash, ishga yoki oʻqishga joylashish majburiyatlarini, shuningdek uning tuzalishiga koʻmaklashuvchi boshqa majburiyatlarni yuklashi mumkin.
Agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni oʻtash davrida oʻzining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlarni) toʻliq yoki qisman bekor qilishi mumkin.
Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlash vaqti oʻtalgan jazo muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Ozodlikni cheklash harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.
Parkent tumani adliya boʻlimi
YUXKM boshligʻi S.R.Xasanboyev