Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash tartibi qanday ?


Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash tartibi qanday ?

Shaxs jinoyat kodeksi maxsus qismning turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq jinoyatni sodir etgan boʻlib, ulardan birortasi uchun ham sudlangan boʻlmasa, sud jinoyat kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq har qaysi qilmish uchun jazo tayinlab, soʻngra tayinlangan yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlaydi.

Agar jinoyatlar majmuini faqat ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar tashkil etsa, unda tayinlangan yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi. Bunda uzil-kesil tayinlangan jazo sodir etilgan jinoyatlardan eng ogʻiri uchun nazarda tutilgan eng koʻp jazo muddatidan yoki meʼyoridan ortiq boʻlmasligi lozim.

Agar jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlardan loaqal bittasi ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, jinoyat kodeksning umumiy qismida shu jazo turi uchun belgilangan doirada tayinlangan jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi.

Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanganda yengilroq turdagi jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.

Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganda jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoxud yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.

Jinoyatlar majmui boʻyicha har xil turdagi jazolarni qoʻshish yoʻli bilan jazo tayinlashda jinoyat kodeksining 61-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilinib, jazoning ogʻirroq turi uzil-kesil tayinlanadi.

Jinoyatlar majmui boʻyicha tayinlangan asosiy jazoga sud ayrim jinoyatlar uchun tayinlangan qoʻshimcha jazolarni ham qoʻshishi mumkin. Bunda muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazoning uzil-kesil tayinlangan muddati jinoyat kodeksning 45-moddasida nazarda tutilgan eng koʻp muddatdan ortiq boʻlmasligi lozim.

Agar ish boʻyicha hukm chiqarilganidan keyin mahkumning ana shu ish boʻyicha chiqarilgan hukmga qadar sodir etilgan yana boshqa jinoyatda aybli ekanligi aniqlansa ham jazo oʻsha tartibda tayinlanadi. Bunday holda jinoyatlar majmui boʻyicha sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm yuzasidan jazoning oʻtalgan qismi qoʻshib hisoblanadi.

Parkent tumani adliya boʻlimi

YUXKM boshligʻi                                              S.R.Xasanboyev