Янгиликлар
Saylov okruglarini tuzish tartibi qanday ?
Saylov okruglarini tuzish tartibi qanday ?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan har besh yilda bir marta tuziladi.
Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati (bundan buyon matnda partiya roʻyxati deb yuritiladi) asosida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.
Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlaridagi deputatlik oʻrinlariga teng miqdorda tuziladi.
Bir mandatli saylov okrugidan Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.
Yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari soni Senat tomonidan belgilanadi, yangi tashkil etilgan tumanning, shaharning xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarining soni esa ushbu Kodeks 88-moddasining talablari inobatga olingan holda tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi tomonidan belgilanadi.
Yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari Senatning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, yangi tashkil etilgan tumanning, shaharning xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari esa tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashining taqdimnomasiga binoan tegishli viloyat va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda hududiy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tuziladi.
Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglari tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda har besh yilda bir marta tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.
Bir mandatli saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.
Bir mandatli saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish kun oldin tegishli saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
bosh yuristkonsulti D.P.Tojiboyev