Янгиликлар
Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi nima?
Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi nima?
Saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan besh yil muddatga tuziladi. Zarur boʻlgan hollarda, saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan qayta tuzilishi, amaldagi saylov uchastkalarining chegaralari oʻzgartirilishi yoki tugatilishi mumkin.
Saylovchilarga mumkin qadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davriga tuzilishi mumkin. Bu saylov uchastkalari ular joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari boshqa saylov okruglarining chegaralarini kesib oʻtmasligi kerak.
Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qoʻshilmalar komandirlarining, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ushbu muassasalar va organlar boshliqlarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va partiya roʻyxati asosida Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi boʻyicha saylovini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini tegishli hududga biriktirish toʻgʻrisidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.
Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.
Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam boʻlishi mumkin emas.
Hududiy saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka saylov komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini koʻrsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari toʻgʻrisida xabardor etishni tashkil qiladi.
Saylov uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari uchun yagona hisoblanadi.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
bosh yuristkonsulti D.P.Tojiboyev