Янгиликлар
Tovarni vaqtincha olib kirish muddati qancha ?
Tovarni vaqtincha olib kirish muddati qancha ?
Vaqtincha olib kirish muddati tovar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan e’tiboran ikki yilni tashkil etadi.
Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs mazkur bojxona rejimini uning amal qilish muddati o‘tguniga qadar bojxona kodeksning 69-moddasiga muvofiq tugallash huquqiga ega.
Quyidagi tovarlarning vaqtincha olib kirish muddati vakolatli shaxsning arizasi asosida bojxona organi tomonidan ikki yildan ko‘proq muddatga uzaytirilishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet davlatlar diplomatik vakolatxonalarining va konsullik muassasalarining hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning normal faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun olib kiriladigan, ushbu vakolatxonalarning O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan diplomatik agentlari va ma’muriy-texnik xodimlari hamda ularning oila a’zolari tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan tovarlarning, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan muxbirlari va muxbirlik punktlarining o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan avtotransport vositalarining. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati ushbu vakolatxonalar va shaxslarning akkreditatsiya muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bilan chet davlatlarning shaxslari o‘rtasidagi ijara shartnomalari asosida vaqtincha olib kiriladigan temir yo‘l va havo transporti vositalarining, shuningdek ularning ehtiyot qismlari va ularga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan transport asbob-uskunasining. Ularni vaqtincha olib kirish muddati ijara shartnomasi muddatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
lizing shartnomalari asosida olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasining amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
mahsulot taqsimotiga oid bitimlar va geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimlar asosida olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati mazkur kelishuvlarning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
davriy bojxona to‘lovlari to‘liq to‘langan tovarlarning;
imtiyozlarning amal qilish muddati tugashi yoki mulk huquqi boshqa shaxslarga o‘tishi munosabati bilan vaqtincha olib kirishning keyingi muddatida davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash zarurati paydo bo‘ladigan tovarlarning;
O‘zbekiston Respublikasining investitsiya loyihalari asosida olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirishga investitsiya davri muddatiga yo‘l qo‘yiladi;
tovarni (ishlarni va xizmatlarni) import qilishga doir kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari bo‘yicha kafolat muddati davomida xizmat ko‘rsatish va nuqsonlarni bartaraf etish uchun olib kiriladigan tovarlarning (bojxona hududida qoldirish uchun mo‘ljallangan tovarlar bundan mustasno). Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirishga kafolat davri muddatiga yo‘l qo‘yiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlari asosida vaqtincha olib kirishning uzoqroq muddati belgilangan tovarlarning.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimining muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza bojxona organiga vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilish muddati tugaguniga qadar berilishi kerak. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi muddatini uzaytirish bojxona yuk deklaratsiyasining tegishli bo‘lmasiga o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga vaqtincha olib kirish muddatini uzaytirish to‘g‘risida ariza berilganligi vaqtincha olib kirish muddatini uzib qo‘ymaydi va to‘xtatib turmaydi.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilish muddati uzaytirilganda boshqa bojxona deklaratsiyasi taqdim qilinmaydi.
Parkent tumani adliya bo’limi YUXKM
bosh yuristkosul’ti M.M.Payziyev