Янгиликлар
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish tartibi qanday?
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish tartibi qanday?
Dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda, taraflar ishtirokida o‘tkaziladi.
Taraflarni sud majlisiga chaqirish to‘g‘risidagi bildirish dastlabki eshituv o‘tkaziladigan kunga qadar kamida uch sutka oldin yuborilgan bo‘lishi kerak.
Sud majlisida ayblanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili va davlat ayblovchisi ishtirok etishi shart.
O‘z vaqtida xabardor qilingan jabrlanuvchining va uning vakilining, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgarning hamda ular vakillarining sud majlisiga kelmaganligi dastlabki eshituvni o‘tkazish uchun monelik qilmaydi.
Raislik qiluvchi dastlabki eshituv bo‘yicha sud majlisini belgilangan vaqtda ochadi.
Raislik qiluvchi sud tarkibini e’lon qiladi, kimlar davlat ayblovchisi, himoyachi, sud majlisining kotibi ekanligini e’lon qiladi.
Raislik qiluvchi ayblanuvchining shaxsini aniqlaydi. Keyin raislik qiluvchi, agar jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishda ishtirok etayotgan bo‘lsa, ayblanuvchining qonuniy vakilining, jabrlanuvchining, uning vakilining shaxsini aniqlaydi.
Raislik qiluvchi sud majlisi ishtirokchilariga ularning sudyani, davlat ayblovchisini, sud majlisi kotibini va sud majlisining boshqa ishtirokchilarini rad qilish huquqlarini tushuntiradi. Raislik qiluvchi ayblanuvchidan, shuningdek sud majlisiga chaqirilgan shaxslardan iltimoslari bor-yo‘qligini so‘raydi.
Dastlabki eshituvni o‘tkazish raislik qiluvchining ma’ruzasi bilan boshlanadi, ma’ruzadan keyin u sud majlisida hozir bo‘lganlarni eshitadi. So‘ngra jinoyat ishiga doir materiallar tekshiriladi.
Agar bir taraf nomaqbul dalilni chiqarib tashlash to‘g‘risida iltimosnoma bergan bo‘lsa, sudya boshqa tarafdan unda mazkur iltimosnomaga qarshi e’tirozi bor-yo‘qligini surishtiradi. E’tirozlar mavjud bo‘lmagan va dalillarni nomaqbul deb e’tirof etish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda sudya iltimosnomani qanoatlantiradi.
Taraflarning qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish to‘g‘risidagi iltimosnomalari, agar ushbu dalillar ish uchun ahamiyatli bo‘lsa, qanoatlantirilishi kerak. Shundan so‘ng davlat ayblovchisining va himoyachining dastlabki eshituvda hal etilayotgan masalalar yuzasidan fikri eshitiladi. Davlat ayblovchisining va himoyachining fikrini eshitgach, raislik qiluvchi ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi, ushbu ajrim sud majlisida o‘qib eshittirilishi kerak.
Parkent tumani adliya bo’limi YUXKM
bosh yuristkosul’ti D.P.Tojiboyev