Янгиликлар
Sudda so‘roq qilish tartibi qanday ?
Sudda so‘roq qilish tartibi qanday ?
Har bir guvoh hali so‘roq qilinmagan guvohlar yo‘qligida so‘roq qilinadi. So‘roq qilingan guvohlar sud majlisi zalida qoladilar va sud tergovi tamom bo‘lmasdan ilgari zaldan faqat sudning ijozati bilan chiqib ketishlari mumkin.
Voyaga yetmagan guvohni so‘roq qilish haqiqatni aniqlash manfaatlari talab qilgan hollarda sudning ajrimi bilan sudlanuvchining yo‘qligida o‘tkazilishi mumkin. Sudlanuvchi sud majlisi zaliga qaytib kirgandan keyin guvohning bergan ko‘rsatuvlari unga ma’lum qilinishi hamda shu guvohga savollar berishga imkoniyat yaratilishi lozim.
Voyaga yetmagan guvoh so‘roq qilinib bo‘lgach, sud bu guvohning majlis zalida qolishi zarur deb hisoblaydigan hollarni mustasno etganda, sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi lozim.
Jabrlanuvchi, shuningdek ekspert va mutaxassis sud muhokamasining boshidan oxirigacha sud majlisi zalida bo‘lishga va barcha so‘roqlar chog‘ida hozir bo‘lishga haqlidir.
Sudlanuvchini so‘roq qilish ishning unga ma’lum holatlari to‘g‘risida ko‘rsatuv berishi haqida raislik qiluvchining taklifi bilan boshlanadi. Shundan keyin sudlanuvchini davlat ayblovchisi, jamoat ayblovchisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va ularning vakillari, himoyachi, jamoat himoyachisi, fuqaroviy javobgar va uning vakili so‘roq qiladilar. So‘ngra sudlanuvchiga boshqa sudlanuvchilar va ularning himoyachilari savollar berishi mumkin.
Jabrlanuvchilarni, shuningdek ayblov xulosasiga va ayblov dalolatnomasiga ilova qilingan ro‘yxatga binoan sud majlisiga chaqirilgan yoki ayblovchi tomonning iltimosiga binoan qo‘shimcha ravishda chaqirilgan guvohlar va ekspertlarni so‘roq qilish ham ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan tartibda o‘tkaziladi. Basharti guvohlar va ekspertlar sud majlisiga himoya tomonining iltimosiga binoan chaqirilgan bo‘lsalar, ularni dastlab shu iltimosni qilgan sudlanuvchi yoki uning himoyachisi, keyin esa boshqa sudlanuvchilar va ularning himoyachilari, jamoat himoyachisi, fuqaroviy javobgar va uning vakili, davlat ayblovchisi, jamoat ayblovchisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va ularning vakillari so‘roq qiladilar.
Raislik qiluvchi va xalq maslahatchilari so‘roq qilinayotgan har qanday shaxsga sud tergovining istalgan paytida savollar berishga haqlidir.
Sud majlisida ko‘rsatuv berib bo‘lgan shaxslarga bergan ko‘rsatuvlarini to‘ldirish va aniqliklar kiritish uchun sudning ijozati bilan savollar berilishi mumkin.
Parkent tumani adliya bo’limi YUXKM
bosh yuristkosul’ti D.P.Tojiboyev