Янгиликлар
Mahalliy Kengashlarga saylov tartibi qanday?
Mahalliy Kengashlarga saylov tartibi qanday?
Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:
aholi soni ikki million nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ttiztadan qirqtagacha;
aholi soni ikki milliondan uch million nafargacha bo‘lgan hududlarda — qirqtadan elliktagacha;
aholi soni uch million nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda — elliktadan oltmishtagacha.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:
aholi soni o‘ttiz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ntadan o‘n beshtagacha;
aholi soni o‘ttiz mingdan yuz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘n beshtadan yigirmatagacha;
aholi soni yuz mingdan uch yuz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — yigirmatadan yigirma beshtagacha;
aholi soni uch yuz ming nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda — yigirma beshtadan o‘ttiztagacha.
Hududiy va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soniga ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan norma doirasida Senat tomonidan o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
Saylov okrugining hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki uning hududida yangi ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda, ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinadi. Bunda deputat saylov okrugining hududi joylashgan xalq deputatlari Kengashi yoxud yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birlikda shakllantirilgan xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kiradi, deputatning vakolatlari muddati esa mazkur xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiq bo‘ladi. Bunday hollarda deputatlik o‘rinlari soni ushbu modda ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan normadan oshishi yoki kamayishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Yangidan tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlarga saylov xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar qolgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.
Parkent tumani adliya bo’limi YUXKM
bosh yuristkosul’ti D.P.Tojiboyev