Янгиликлар
Fuqarolik ishlarning sudga taalluqliligi tartibi qanday?
Fuqarolik ishlarning sudga taalluqliligi tartibi qanday?
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga koʻra,fuqarolik ishlari boʻyicha sudga quyidagi ishlar taalluqlidir:
1) fuqarolik, oila, mehnat, uy-joy, yer toʻgʻrisidagi va boshqa munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha ishlar, agar taraflardan hech boʻlmaganda bittasi fuqaro boʻlsa, bundan qonunda shunday nizolarni hal qilish boshqa sudlarga yoki boshqa organlarga topshiriladigan hollar mustasno;
2) Fuqarolik protsessual Kodeksning 293-moddasida sanab oʻtilgan alohida tartibda yuritiladigan ishlar;
3) Fuqarolik protsessual Kodeksning 18-bobida koʻrsatilgan va buyruq tartibida hal etiladigan ishlar;
4) hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi va hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ishlar;
5) chet davlat sudlarining hamda chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar;
6) korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ishlar.
Sudlarga qonun bilan ularning vakolatiga kiritilgan boshqa ishlar ham taalluqlidir.
-Oʻzaro bogʻliq bir nechta talabning sudga taalluqliligi:
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari fuqarolik ishlari boʻyicha sudga, baʼzilari esa iqtisodiy sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talab birlashtirilganda, barcha talablar fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrilishi kerak.
Oʻzaro bogʻliq boʻlgan, baʼzilari fuqarolik ishlari boʻyicha sudga, baʼzilari esa maʼmuriy sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining sudloviga tegishli ishlar:
Fuqarolik protsessual Kodeksning 26-moddasida koʻrsatilgan ishlar fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarida koʻriladi, bundan qonunda shunday ishlarni koʻrish boshqa sudlar vakolatiga berilgan hollar mustasno.
-Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining sudloviga tegishli ishlar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs ariza beruvchi boʻlgan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlarni, shuningdek qonun bilan oʻz vakolatiga kiritilgan boshqa ishlarni koʻradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari alohida holatlardan kelib chiqib, har qanday ishni fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudidan olishga va uni birinchi instansiya sudi sifatida oʻz ish yurituviga qabul qilishga yoki ishni bir suddan boshqa fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga oʻtkazishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudloviga tegishli ishlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunda oʻz vakolatiga kiritilgan ishlarni koʻrib chiqadi, shuningdek alohida holatlarni hisobga olib, har qanday ishni Oʻzbekiston Respublikasining istalgan sudidan olishga va uni birinchi instansiya sudi sifatida oʻzining ish yuritishiga qabul qilishga yoki ishni bir suddan boshqa tegishli sudga oʻtkazishga haqli.
Chinoz tumani adliya bo’limi
YUXKM boshlig’i R.Galiyev