Янгиликлар
Mehnat qonunchiligida ayollarning ijtimoiy huquqlari
Mehnat qonunchiligida ayollarning ijtimoiy huquqlari
Qonunchilikka ko‘ra, uch yoshga to‘lmagan bolaning byudjet tashkilotlarda ishlaydigan onasiga haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti belgilanadi va bunda ish haqi kamaytirilmaydi.
Ish beruvchi homilador ayolning, 14 yoshga to‘lmagan bolaning (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) onasining iltimosiga ko‘ra tibbiy xulosa asosida to‘liqsiz ish vaqtini belgilashi shart.
16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan onaga oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni berilib, davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan shu vaqt uchun bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
Ish beruvchi kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra tasdiqlanadigan tavsiyalarni inobatga olib, noqulay mehnat sharoitlariga ega bo‘lgan, ayollarning mehnatidan foydalanish cheklanadigan ayrim ishlar ro‘yxatini belgilashga haqli.
Ayollar tomonidan ular uchun yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normadan ortiq bo‘lgan og‘ir yuklarni ko‘tarish va tashish taqiqlanadi.
Ayollarning og‘ir yuklarni ko‘tarishi va tashishi chog‘ida ular uchun yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p yuklamalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi
Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi.
Homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.