Янгиликлар
O’zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar uchun yangilik va yengillik.
O’zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar uchun yangilik va yengillik.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi 229-sonli farmoni, “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʼyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida”ga, asosan qoʼshilgan qiymat soligʼi va foyda soligʼi stavkalari 2025-yil 1-yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha oshirilmasligi belgilandi.
Birinchi navbatda, qo’shilgan qiymat solig’i va foyda solig’i nima ekanligi va ularning miqdorlari qanday hamda ushbu miqdorning oshirilmasligi tadbirkorlik subyektlariga qanday foyda keltirishi haqida aytib o’tishimiz maqsadga muvofiq. O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 237-moddasiga asosan quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi
· O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
· tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida bir milliard so‘mdan oshgan yoxud ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
· O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari, shuningdek chet davlatning qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, agar bunday tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi deb O‘zbekiston Respublikasi e’tirof etilsa;
Shuningdek Soliq kodeksining 294-moddasiga asosan quyidagilar foyda solig‘ining soliq to‘lovchilari deb e’tirof etiladi:
Ø O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar;
Ø O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshiradigan, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari;
Ø O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromadlar oluvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar;
2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi undan oldin esa ya’ni 2019 yilda QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilgandi. Xo’sh, ushbu soliq stavkasining kamayishi qanchalik tadbirkorlarning foydasiga ishlamoqda. Qayd etilishicha, QQS davlat budjeti daromadlarining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. 2021 yilda bu soliq bo‘yicha tushumlar 38,4 trillion so‘mga yetib, bu umumiy tushumlarning 23,4 foizini tashkil etgan. QQSning 44 foizi sanoat tarmoqlariga, 18 foizi qurilish tashkilotlariga, 13 foizi ulgurji va chakana savdo korxonalariga to‘g‘ri keladi. Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 15 foizdan 12 foizga pasaytirilishi davlat budjeti daromadlarining qariyb 14 trillion so‘mga kamayishiga olib keladi. Bundan anglash mumkinki tadbirkorlar tomonidan to’lanishi lozim bo’lgan 14 trillion so’m soliqlar, ularning o’z tadbirkorlik faoliyatini rivojlanitirish uchun yo’naltirilgan. Ahamiyatli jihati, 2028-yil 1-yanvargacha ushbu 12 foizlik soliq stavkasi o’zgarishsiz qoladi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
Bosh yurskonsult: U.Bo’riyev