Янгиликлар
Mehnat qonunchiligida mehnatga haq to‘lash, ish haqi tushunchalari va xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar haqida bilasizmi?
Mehnat qonunchiligida mehnatga haq to‘lash, ish haqi tushunchalari va xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar haqida bilasizmi?
Mehnat kodeksining 243-moddasiga ko’ra mehnatga haq to’lash va ish haqi tushunchalariga quydagicha ta’rif berib, izohlab o’tilgan:
Mehnatga haq to‘lash ish beruvchi tomonidan xodimga uning mehnati uchun to‘lovlar belgilash va ularni amalga oshirish yuzasidan mehnat shartnomasi taraflari o‘rtasidagi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan tartibga solingan munosabatlar tizimidir. Ish beruvchi tomonidan xodimning malakasiga, bajaradigan ishining murakkabligiga, miqdoriga, sifati va sharoitlariga qarab to‘lanadigan mehnat uchun mukofot summasi, shuningdek kompensatsiya xususiyatiga ega to‘lovlar (kompensatsiya xususiyatiga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, shu jumladan normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun shunday qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar hamda kompensatsiya xususiyatiga ega boshqa to‘lovlar) va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar (rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega qo‘shimcha to‘lovlar hamda ustamalar, mukofotlar va taqdirlovchi to‘lovlar) ish haqidir. Normal ish sharoitlarida oddiy ishlarni bajarish chog‘ida ish vaqtining normasini to‘liq ishlab bergan xodimning malaka talab etmaydigan mehnati uchun qonunchilikda kafolatlangan, Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridir.
Mehnat kodeksining 244-moddasida esa Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar keltirib o’tilgan bo’lib unga muvofiq xodim quydagi kafolatlarga ega hisoblanadi:
mehnatga haq to‘lash sohasida kamsitishni taqiqlash;
teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini ta’minlash;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash;
ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qo‘yish;
mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash;
ish haqini to‘lash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish;
normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik (ish vaqtidan tashqari, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari, tungi vaqtda ishlash) uchun mehnatga haq to‘lashning kafolatlangan miqdorlarini belgilash;
ish beruvchining faoliyati tugatilgan hamda u to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lgan taqdirda xodim tomonidan ish haqi olinishini ta’minlash;
budjet tashkilotlari xodimlari uchun mehnatga haq to‘lashning davlat tariflarini belgilash;
xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash;
xodimning ishlab topilgan mablag‘larni erkin tasarruf etishini cheklashni taqiqlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash.
Bundan tashqari jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda qonunchilikda belgilanganiga nisbatan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
Bosh yuriskonsult: A.Kazimbayev