Янгиликлар
Mehnat qonunchiligiga ko’ra sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida bilasizmi?
Mehnat qonunchiligiga ko’ra sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida bilasizmi?
Mehnat kodeksining 503-moddasiga muvofiq sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shu jumladan jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ichki hujjatlarda belgilanadi.
Sportchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga quyidagilar kiritilishi shart:
ish beruvchining mashq tadbirlari o‘tkazilishini va sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini ta’minlash majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
sportchining ish beruvchi tomonidan belgilangan sport rejimiga rioya etish va sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini bajarish majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
sportchining sport musobaqalarida faqat ish beruvchining ko‘rsatmasi bo‘yicha ishtirok etish majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
sportchining xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarga rioya etish, doping nazoratidan o‘tish majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
ish beruvchining sportchining hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilinishini, shuningdek sportchining qo‘shimcha tibbiy va boshqa xizmatlarni olish maqsadida tibbiy sug‘urta qilinishini ta’minlashga doir majburiyati to‘g‘risidagi shartlar.
Mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida sportchilar dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Ish beruvchi dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklarning o‘tkazilishini o‘z hisobidan tashkil etishi shart. Mehnat shartnomasining amal qilishi davrida sportchilar topshirilgan ishni bajarish uchun yaroqliligini aniqlash hamda kasb kasalliklarining va sport jarohatlanishlarining oldini olish maqsadida davriy majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tadi.
Ish beruvchi o‘z mablag‘lari hisobidan sportchilarni sport kiyim-boshlari, sport anjomlari va ashyolari, ular mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlashi, shuningdek mazkur kiyim-boshlar, asbob-uskunalar, anjomlar, ashyolar va vositalarni foydalanishga yaroqli holatda saqlashi shart.
Sportchilarga yillik qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi, uning davomiyligi jamoa shartnomalarida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomalarida belgilanadi, lekin u to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Ish beruvchi sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan hollarda, ish beruvchilar o‘rtasidagi kelishuvga, sportchining o‘z yozma roziligiga ko‘ra, bir yildan oshmaydigan muddatga vaqtincha boshqa ish beruvchiga o‘tishiga yo‘l qo‘yiladi.
Sportchi boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tgan davrda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilishi to‘xtatib turiladi (taraflar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlar amalga oshirilishini hamda majburiyatlar bajarilishini to‘xtatib turadi). Bunda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilishi muddatining o‘tishi uzilib qolmaydi. Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tish muddati tugaganidan keyin dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi to‘liq hajmda qayta tiklanadi.
Vaqtincha o‘tish muddati mobaynida sportchiga va vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchiga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat huquqi normalarini o‘z ichiga olgan boshqa hujjatlarda belgilangan qoidalar, ushbu moddada belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, to‘liq hajmda tatbiq etiladi.
Vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi sportchining boshqa ish beruvchiga o‘tishiga doir tashabbus bilan chiqish huquqiga ega emas.
Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tishi davriga tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslarning istalgan biriga ko‘ra muddatidan ilgari bekor qilingan taqdirda, vaqtincha o‘tish davriga tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan kalendar sanasidan keyingi ish kunidan boshlab dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi to‘liq hajmda amal qiladi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
Bosh yuriskonsult: A.Kazimbayev