Янгиликлар
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish tartibi
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish tartibi
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish er va xotindan birining talabiga koʻra, ular nikohda boʻlgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni boʻlish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida boʻlib olinishi mumkin. Er va xotinning xohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi oʻzaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanishi mumkin.
Nizo tugʻilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish, shuningdek er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi.
Umumiy mol-mulkni boʻlishda sud er va xotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (xotin)ga unga qarashli ulushdan oshiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulk beriladigan hollarda, xotin (er)ga tegishli pul yoki oʻzga kompensatsiya belgilanishi mumkin.
Oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining oʻz mulki deb topishi mumkin.
Voyaga yetmagan bolalar ehtiyojini qondirish uchun olingan buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) boʻlinmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi.
Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan oʻrtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qoʻyilgan omonatlar oʻsha bolalarga tegishli hisoblanib, er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish paytida eʼtiborga olinmaydi.
Er va xotinning umumiy mol-mulki ular nikohda turgan davrda boʻlingan taqdirda, er va xotin mol-mulkining boʻlinmay qolgan qismi, shuningdek er va xotin tomonidan ular nikohda turgan davrda orttirilgan mol-mulk keyinchalik ularning birgalikdagi umumiy mulkini tashkil qiladi.
Nikohdan ajralgan er va xotinning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi talablariga nisbatan uch yillik daʼvo muddati qoʻllaniladi.
Ohangaron tuman adliya boʻlimi boshligʻi B. Joʻrayev