Янгиликлар
Hadya shartnomasi bo’yicha nimalarni bilish lozim?
Hadya shartnomasi boʻyicha nimalarni bilish lozim?
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 31-bobi hadya shartnomasini tartibga soluvchi normalarni oʻz ichiga olib, uning 502-moddasiga koʻra hadya shartnomasi deyilganda, ashyoni tekinga mulk qilib berish, mulk huquqini berish yoki bu majburiyatlarni olish nazarda tutiladi.
Shuni yodda tutish lozimki, hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma haqiqiy hisoblanmaydi. Chunki bu hadya emas, vasiyatnomaga toʻgʻri keladi. Hadya shartnomasida koʻzda tutilgan mulk taraflar tomonidan shartnoma imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Hadya shartnomasini imzolangan zahotiyoq ikkinchi taraf mulkiga oʻtib ketadi va qaror oʻzgartirilmaydi.
Agar hadya qilishni niyat qilgan inson hali shartnoma tuzilmasdan avval vafot etsa, boʻlajak hadya egasi mulkni talab qilishga haqli emas. Bu shunchaki quruq vaʼda hisoblanadi. Agar notarial idorada ish boshlangan boʻlib, shartnoma tuzish harakatlari amalga oshirilgan boʻlsa, ishni marhumning yaqinlari meros guvohnomasini rasmiylashtirish orqali davom ettirishlari mumkin.
Shartnoma asosida koʻchmas mulk – uy-joy hadya qilingani amaliyotda koʻp kuzatilgani bois, baʼzi insonlar boshqa ashyolar bilan hadya shartnomasini tuzish mumkin emas, deb oʻylaydilar. Aslida rasmiy hadya avtomashina, qimmatbaxo qogʻoz, qimmatbaxo buyum, koʻp miqdordagi pul ham boʻlishi mumkin. Qonunda koʻchmas mulk va avtomototransportlarni notarial tartibda hadya qilish majburiy etib belgilangan.
Yuqorida sanalgan boshqa narsalarni xohlasalar oʻzaro kelishishlari, xohlasalar rasmiylashtirish uchun notarial idoralarga murojaat qilishlari mumkin. Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar hadya shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, hadyani qabul qilishni rad etish ham davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan oʻldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega. Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega boʻlgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yoʻq boʻlib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Eslatma: Er va xotinning nikohga qadar oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining oʻz mulki hisoblanadi.
Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qoʻyilishi mumkin. Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan boʻlsa, qaytarishi lozim. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qoidalar ogʻzaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qoʻllanmaydi.
Eslatma: qurollar yoki shu kabi jamoat xavfsizligiga xavf soluvchi buyumlarni hadya qilish mumkin emas. Hadya qiluvchi hadya qilingan xonadonda oila aʼzosi sifatida istiqomat qilishga haqlidir. Hadya qiluvchi hadya evaziga nimadir talab qilishga haqli emas.
Nurafshon shahar
YUXKM bosh yuristkonsulti
Sh.O.Qoʻziyev