Янгиликлар
Investorlar uchun qonunchilikda qanday huquqiy kafolatlar belgilangan?
Investorlar uchun qonunchilikda qanday huquqiy kafolatlar belgilangan?
Bugungi kunda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda davlatlar tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning turli mexanizmlari mavjud boʻlib, ular ichida xorijiy investorlarga investitsiya vositalarining xavfsizligini taʻminlovchi huquqiy kafolatlarni tadim etish bu boradagi eng samarali vositalardan biri hisoblanadi. Investorlarning huquq va manfaatlarini ifodalovchi huquqiy kafolatlar xalqaro shartnomalar hamda davlatning milliy qonunchiligida oʻz aksini topadi.
Oʻzbekiston ham xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning milliy iqtisodiyot uchun manfaatli ekanini taʻkidlagan holda, ularning salmogʻini oshirish, jamiyat uchun foydali boʻlgan xorijiy kapital qoʻyilmalari oqimini kuchaytirish yoʻlida shunga mos investitsiyaviy siyosat konsepsiyasini shakllantirdi. Bunda eng avvalo, xorijiy investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʻminlovchi, shuningdek, investitsiya vositalarining xavsizligi hamda erkin harakatini kafolatlovchi huquqiy asos ishlab chiqildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunida investorlarga berilgan huquqiy kafolatlar belgilab qoʻyilgan. Jumladan, mazkur Qonunning 15-moddasida davlat tomonidan investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlari kafolatlanishi, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya subyektlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasliklari belgilangan. Shuningdek, investorlarning mablagʻlardan erkin foydalanish borasida ham qonunchilikda belgilangan kafolatlari mavjud boʻlib, unga koʻra investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlari soliqlar va toʻlovlar toʻlanganidan keyin uning xohishiga koʻra reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin. Qayd etish joizki, mazkur kafolat avvalo, mulkdorlarning mulk huquqlarini taʻminlashda muhim ahamiyatga ega. Boisi mulkdorning oʻz mablagʻlarini erkin va turli cheklovlarsiz tasarruf etishi mulk huquqi kafolatlangan har qanday fuqarolik jamiyatining asosiy belgisi sanaladi.
Qonunchilikdagi yana bir kafolatlarda biri bu investitsiya faoliyatining tugatilishi munosabati bilan chet el investitsiyalarini qaytartishdir. Yaʻni, chet ellik investor Oʻzbeksiton Respublikasida oʻz faoliyatini tugatishga haqli boʻlib, faoliyatini tugatish natijasida olingan oʻz aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasiga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriatsiya qilish huquqiga ega. Bundan tashqari, Qonunga koʻra agar Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda boʻlgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan eʻtiboran oʻn yil mobaynida qoʻllaniladi. Bunda investor oʻzining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonunchilik qoidalarini oʻz xohishiga koʻra qoʻllash huquqiga egadir.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shartlar asosidagi rejim investitsiya risklarini bir necha barobarga kamaytirishga, buning natijasida Oʻzbekistonga ularni jalb qilishni tezlashuviga imkon bermoqda. Xorijiy investorlar huquqlarini kafolatlovchi bunday normalar bevosita xalqaro huquq amaliyotidan kelib chiqqan holda investor uchun eng qulay shartlarni hamda kafolatlarni nazarda tutuvchi prinsip va qoidalar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, investorlar huquqlarini samarali himoya qilishda muhim rol oʻynamoqda.
Nurafshon shahar
YUXKM bosh yuristkonsulti
Sh.O.Qoʻziyev