Янгиликлар
Majburiy mehnatga majbur emassiz!
Majburiy mehnatga majbur emassiz!
Majburiy mehnat oʻzi nima?
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasi “Majburiy mehnatning taqiqlanishi” deb nomalanadi. Ushbu moddaga asosan, Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi. Quyidagi ishlar, yaʼni: harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida; favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda; sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan; qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Hashar majburiy mehnat hisoblanadimi?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 349-son qarorining 2-bandiga asosan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar umumxalq hasharini oʻtkazish toʻgʻrisida faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud boʻlganda, hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qatʼiy rioya etilgan holda ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va oʻtkaziladi. Hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-taʼmirlash va qishloq xoʻjaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatʼiy yoʻl qoʻyilmagan holda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, ish oʻrinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.
Majburiy mehnat uchun milliy qonunchiligimizda qanday javobgarlik belgilangan?
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 51-moddasiga asosan Mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1482-moddasiga asosan Mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Agar sizni majburiy mehnatga jalb qilishsa…
Sizning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan mehnat sohasidagi huquqlaringiz buzilsa, jumladan, majburiy mehnatga jalb qilinsangiz adliya, prokuratura organlariga yoki davlat mehnat inspeksiyasi inspektoriga murojaat qilishingiz mumkin.
Nurafshon shahar
YUXKM bosh yuristkonsulti
Sh.O.Qoʻziyev