Янгиликлар
Nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonunchilikda qanday imtiyozlar belgilangan?
Nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonunchilikda qanday imtiyozlar belgilangan?
Aytish joizki, oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda keksalar va nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga zaruriy ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish borasida turli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Nuroniylarga qaratilayotgan eʻtiborning izchil davomi sifatida 2022-yilning 15-martida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ – 167-son qarori imzolandi. Mazkur qarorda nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga bir qator imtiyozlar berildi. Xususan, 2022-yil
1-apreldan boshlab “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi;
- sharoiti ogʻir va kam taʻminlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
- ogʻir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi boʻlgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha boʻlgan summasi kompensatsiya qilinadi.
Bunda, dori vositalarining roʻyxati Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligining qarori qabul qilingan kundagi dori vositalarining tegishli summasi kompensatsiya qilinadi;
- keksalarning jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi.
Bunda, abonement xarajatlarining bir oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan oshmagan holda sport yoʻnalishidagi muassasalarning hisob raqamiga oʻtkazib boriladi;
- davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari toʻliq qoplab beriladi.
Shuningdek, ushbu qarorda xodimning pensiya yoshiga toʻlganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash nazarda tutilgan boʻlib, bu pensiya yoshiga toʻlgan xodimlarning mehnat munosabatlari sohasidagi huquqlarini taʻminlashga xizmat qiladi.
Nurafshon shahar
YUXKM bosh yuristkonsulti
Sh.O.Qoʻziyev