Янгиликлар
Tezlikni chekolovchi sunʻiy toʻsiqlar qanday hollarda oʻrnatiladi?
Tezlikni chekolovchi sunʻiy toʻsiqlar qanday hollarda oʻrnatiladi?
Oʻzbekiston Respublikasi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunining
17-moddasiga koʻra avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan muttasil, yil davomida, xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish huquqiga egadirlar. Biroq ayrim aholi vakillari tomonidan koʻchalarga tezlikni cheklovchi sunʻiy toʻsiqlarning oʻzboshimchalik bilan oʻrnatib olinishi, boz ustiga bunday toʻsiqlarni oʻrnatishning belgilangan normalariga rioya etilmasligi boshqa fuqarolarning yuqorida keltirilgan huquqlari buzilishiga sabab boʻladi. Xoʻsh, yoʻllarga sunʻiy toʻsiqlarni oʻrnatish tartibi qanday? “Avtomobil yoʻllari ilmiy-tadqiqot instituti” unitar korxonasi tomonidan “Sunʻiy notekisliklar. Umumiy texnik talablar. Qoʻllash tartibi” nomli Oʻzbekiston davlat standarti ishlab chiqilgan. Hujjat Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2019-yil 1-iyuldagi №05-1046-son qarori bilan tasdiqlangan.
Sunʻiy notekisliklar transport vositalari tezligini ruxsat berilgan 40 kilometr/sekund koʻrsatkichigacha pasaytirish uchun yoʻllarning alohida joylarida oʻrnatiladi. Uning uzunligi yoʻlning enidan kalta boʻlishi mumkin emas (har ikkala tomonda 0,2 metrdan ortiq boʻlmagan cheklanish boʻlishi joiz). Bundan tashqari, joylarda sunʻiy toʻsiq oʻrnatish uchun yoʻl hududida oqova ariq tashkillashtirish hamda haydovchilarni sunʻiy notekisliklar haqida yoʻl belgilari yordamida oldindan ogohlantirish zarur.
Sunʻiy notekisliklarni asfalt-beton va sement-beton qoplamalarga ega yoʻllarda oʻrnatish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Sunʻiy notekisliklarni quyidagi joylarda oʻrnatish mumkin:
· bolalar va yoshlar taʻlim-tarbiya muassasalari yonida tartibga solinmagan yer usti piyodalar yoʻlakchalaridan 10-15 metr oldinroq;
· avariyaviylik sabablari tahliliga koʻra yoʻllarning maʻlum qismlarida, ayniqsa, bolalar va yoshlar taʻlim-tarbiya muassasalari oldidagi xavfli hududlar boshida, bolalar maydonchasi, jamoat dam olish joylarida, stadionlar, vokzallar, doʻkon va piyodalar jamlanadigan boshqa obyektlar oldida;
· 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan”, 5.38 “Turar joy dahasi” yoʻl belgilari tomonidan oʻrnatilgan 40 kilometr/sekundgacha tezlik cheklovi joriy qilingan yoʻllarning xavfli joylari oldida;
· kesib oʻtiladigan yoʻl boʻyicha yaqinlashayotgan, transport vositalar koʻrinuvchanligi taʻminlanmagan tartibga solinmagan chorrahalar oldida, 2.5 “Toʻxtamasdan harakatlanish taqiqlangan” belgisidan 30 metrdan 50 metrgacha masofada;
· 1.21 “Bolalar” belgisining amal qilish hududi boʻylab har 50 metr masofada.
Xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yoʻllar, yoʻlaklar soni 4 va undan ortiq boʻlgan respublika ahamiyatiga ega boʻlgan yoʻllarda (aholi soni 1000 kishidan ortiq boʻlgan qishloq va shaharlar boʻylab oʻtgan yoʻllardan tashqari), jamoat transporti toʻxtash maydonchalari yoki ularga qoʻshni harakat yoʻlaklarida, koʻpriklar, koʻprik yoʻllar, osma koʻpriklar, tunnellar va koʻprik osti yoʻllarida, shaharlardagi tezlikda harakatlanish magistral yoʻllarida va umumshahar ahamiyatiga ega toʻxtovsiz harakat magistral koʻchalarida; shifoxonalarga, tez tibbiy yordam bekatlariga, yongʻin xavfsizligi bekatlariga, avtobus va trolleybus xiyobonlariga, garaj va turargoh maydonchalariga kirish yoʻllarida sunʻiy notekisliklar oʻrnatish taqiqlanadi.
Estatib oʻtamiz, amaldagi Yoʻl harakati qoidalarining 4-bandiga koʻra tegishli vakolatga ega boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarga oʻzboshimchalik bilan “sunʻiy notekislik” qurilmalarini oʻrnatish taqiqlanadi.
Nurafshon shahar
YUXKM bosh yuristkonsulti
Sh.O.Qoʻziyev