Янгиликлар
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish chogʻidagi kafolatlar qanday?
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish chogʻidagi kafolatlar qanday?
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 98-moddasiga koʻra, Ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bogʻliq boʻlgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati oʻzgarganligi sababli yoki tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilganligi munosabati bilan oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi nazarda tutilayotgan xodimlar sonining koʻrsatkichlaridan iboratdir.
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) xodimlarining soni yigirma nafar va undan ortiq boʻlgan har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi tashkilotni (uning alohida boʻlinmasini) tugatish;
b) xodimlar sonining (shtatining) quyidagi miqdorda:
oʻttiz kalendar kun ichida ellik nafar va undan ortiq xodimning;
oltmish kalendar kun ichida ikki yuz nafar va undan ortiq xodimning;
toʻqson kalendar kun ichida besh yuz nafar va undan ortiq xodimning qisqarishi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi qarorlarni ushbu kechiktirish keltirib chiqargan yoʻqotishlarni ish beruvchiga bir vaqtning oʻzida qisman yoki toʻliq kompensatsiya qilish orqali olti oy muddatgacha toʻxtatib turishi mumkin.
Ish beruvchi xodimlarni kelgusida ommaviy ravishda ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi axborotni ushbu Kodeksning 166-moddasida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda mehnat organining hamda hududiy yoki tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalarining eʻtiboriga yetkazishi shart. Mehnat organlari mazkur axborotni olgach, ishdan boʻshatilayotgan xodimlarni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrishi shart.
Xulosa
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish jarayoni Mehnat kodeksida belgilangan kafolatlar asosida amalga oshirilishi kerak. Xodimlarni himoya qilish uchun maxsus maslahatlashuvlar, kompensatsiyalar va ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy kafolatlar mavjud. Ish beruvchi xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatishda qonuniy tartibni, vaqtinchalik ogohlantirishlarni va xodimlarning huquqlarini inobatga olishi lozim. Shuningdek, kasaba uyushmalari va ishchilar vakillari bilan hamkorlik qilish jarayonning muhim qismi hisoblanadi.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Jiyanboyev Zuhriddin Ermat oʻgʻli