Янгиликлар
Qishloq xoʻjaligining tabiiy moslashuvi jihatidan yerlarni rayonlashtirish qanday amalga oshiriladi?
Qishloq xoʻjaligining tabiiy moslashuvi jihatidan yerlarni rayonlashtirish qanday amalga oshiriladi?
Qishloq xoʻjaligining tabiiy moslashuvi jihatidan yerlarni rayonlashtirish — hududlarning tabiiy sharoitlarni va qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari agrobiologik talablarini hisobga olgan holda boʻlinishidir.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish qishloq xoʻjaligining tabiiy moslashuvi jihatidan yerlarni rayonlashtirishga muvofiq amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligining tabiiy moslashuvi jihatidan yerlarni rayonlashtirish toʻgʻrisidagi normativ hujjatlarning talablari yer uchastkalarini qonuniy saqlash vazifalariga taalluqli boʻlib, yuridik va jismoniy shaxslarga ana shu uchastkalarni berish shartlari jumlasiga kiritiladi.
Yer tuzish yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni tashkil etishga, yer resurslarini hisobga olish va baholashga, qulay ekologik muhitni vujudga keltirishga va tabiiy landshaftlarni yaxshilashga, yer tuzishning hududiy va ichki xoʻjalik rejalarini tuzishga qaratilgan tadbirlar tizimini oʻz ichiga oladi.
Yer tuzish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organining topshirigʻiga yoki yuridik va jismoniy shaxslarning talabnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining organlari tomonidan amalga oshiriladi;
Yer tuzish istiqbolga moʻljallangan, loyihalash oldidan, xoʻjaliklararo hamda ichki xoʻjalik yer tuzish turlariga boʻlinadi.
Istiqbolga moʻljallangan va loyihalash oldidan amalga oshiriladigan yer tuzishga quyidagilar kiradi:
1) respublika va uning mintaqalarining yer-suv resurslaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish chizmalarini ishlab chiqish;
2) tumanlar va viloyatlarning yer tuzilishi chizmalarini ishlab chiqish;
3) tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq istiqbol rejalarini, respublika miqyosidagi va hududiy dasturlarni ishlab chiqish;
4) muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning joylashishi va chegaralari belgilanishini asoslash.
Xoʻjaliklararo yer tuzishga quyidagilar kiradi:
1) joyning oʻzida ovullar, qishloqlar, posyolkalar, tumanlar, shaharlar, viloyatlarning chegaralarini belgilash;
2) yerlarning joylashishidagi noqulayliklarni bartaraf etgan holda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilarning va mulkdorlarning yangi yer uchastkalarini tashkil etish hamda mavjud yer uchastkalarini tartibga solish loyihalarini tuzish;
3) yangi tashkil etilayotgan, qayta tashkil etilayotgan qishloq xoʻjalik korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlariga yer ajratib berish loyihalarini tuzish;
4) korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyiladigan yerlarni ajratib berish loyihalarini tuzish;
5) yer uchastkalarini naturada (joyning oʻzida) ajratib berish, yerga egalik qilish huquqini va yerdan foydalanish huquqini, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini hamda yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlash;
6) yangi yerlarni oʻzlashtirish, qishloq xoʻjalik yerlarini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqni suv va shamol eroziyasidan, sellardan, koʻchkilardan, suv bosishdan, zaxlashdan, qaqrab qolishdan, zaranglashishdan, ishlab chiqarish chiqindilari, radioaktiv va kimyoviy moddalar bilan ifloslanishdan himoya qilish boʻyicha ishchi loyihalarini ishlab chiqish;
7) barcha yerlarni roʻyxatga olish hamda foydalanilmayotgan, samarasiz foydalanilayotgan yoki belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan yerlarni doimiy aniqlab borish;
8) yerlarni resurs jihatidan baholash, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan yer tuzish hujjatlarini ishlab chiqish;
9) yerlarni baholash tadbirlarini oʻtkazish.
Xoʻjaliklararo yer tuzish tumanlar yoki bir-birlari bilan oʻzaro bogʻliq qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari guruhlarining maʻmuriy chegaralari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xoʻjaliklararo yer tuzish loyihalari boshqa tumanlar yoki shahar va posyolkalar hududiga tegishli boʻlgan hollarda, ularning chegaralarini oʻzgartirish masalalari maʻmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini joyning oʻzida belgilash tartibida hal qilinadi.
Xoʻjaliklararo yer tuzish loyihalari tasdiqlanganidan keyin naturaga (joyning oʻziga) koʻchirilib, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar yer uchastkalarining chegaralari belgilangan namunadagi marza belgilari bilan ajratiladi.
Ichki xoʻjalik yer tuzish turi qishloq xoʻjaligi korxonalarining, muassasalarining va tashkilotlarining hududini ichki xoʻjalik negizida belgilab olishni, qishloq xoʻjalik ekinlarini va koʻp yillik dov-daraxtlarni joylashtirishni, ilmiy asoslangan almashlab ekishni joriy qilishni, barcha qishloq xoʻjalik yerlarini (pichanzorlar, yaylovlar, bogʻlar, tokzorlar va boshqalarni) joylashtirishni, tuproq eroziyasiga qarshi kurashish tadbirlarini ishlab chiqishni, shuningdek sugʻoriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilishni oʻz ichiga oladi.
Ichki xoʻjalik yer tuzish turi loyihalarining amalga oshirilishi ustidan yer tuzishning tarkibiy qismi boʻlgan mualliflik nazorati olib boriladi.
Yer tuzish tartibida yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq boshqa loyihalar ham ishlab chiqilishi mumkin.
Yer tuzish tarkibida topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproq, agrokimyo, geobotanika jihatidan, tarixiy-madaniy va boshqa yoʻnalishda tekshirishlar hamda izlanishlar olib borish nazarda tutiladi.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Jiyanboyev Zuhriddin Ermat oʻgʻli