Янгиликлар
Yer uchastkasi ijarasi
Yer uchastkasi ijarasi
Yer uchastkasining ijarasi yer uchastkasiga ijara shartnomasi shartlarida muddatli, haq evaziga egalik qilish va foydalanishdan iboratdir.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari quyidagilarga ijara huquqi asosida beriladi:
1) elektron onlayn-auksion natijalari asosida — jismoniy va yuridik shaxslarga;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan:
qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining taklifiga koʻra — davlat ilmiy-tadqiqot va taʻlim muassasalariga;
qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida boʻlgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga. Bunda beriladigan yer uchastkasining oʻlchami investitsiya hajmiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida boʻlgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini ijaraga berishda ushbu yer uchastkalarini ijaraga olish huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablagʻ ijaraga oluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga toʻlanadi. Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari quyidagilarga ijara huquqi asosida beriladi:
elektron onlayn-auksion asosida — jismoniy va yuridik shaxslarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida boʻlgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga. Bunda berilayotgan yer uchastkasining oʻlchami investitsiya hajmiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida boʻlgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ijaraga beriladi. Mazkur shaxslar (bundan xalqaro birlashmalar va tashkilotlar mustasno) yer uchastkasini ijaraga olish huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga toʻlashi kerak.
Yer uchastkasiga ijara huquqining bozor qiymatiga nisbatan tegishli koeffitsiyentini belgilashda yer uchastkasining tuproq bonitirovkasi, maʻmuriy-hududiy tuzilishi va infratuzilma obyektlari mavjudligi inobatga olinadi.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqining bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilangan miqdordagi mablagʻlar summasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkasini berish toʻgʻrisidagi qarorida koʻrsatilishi shart.
Qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari yer uchastkalarini ichki xoʻjalik ijarasi tartibida faqat qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi uchun ijarachilarga biriktirib qoʻyishi mumkin.
Ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas, bundan ushbu moddaning oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi faqat kreditlar olish uchun garovga qoʻyilishi mumkin. Ijarachi faqat qonunda yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yer uchastkasiga boʻlgan oʻz ijara huquqlarini ijaraga beruvchining roziligisiz garovga qoʻyishga haqli.
Jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion orqali ijaraga olgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni ijara muddatidan koʻp boʻlmagan muddatga boshqa shaxsga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlar belgilangan tartibda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.
Yer uchastkalari ijarasining shartlari va muddatlari taraflarning kelishuviga binoan belgilanadi hamda shartnomada mustahkamlab qoʻyiladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar belgilangan oʻlchamlarda oʻttiz yil muddatga ijaraga beriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarni ijaraga berish muddati yuz yildan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga yer uchastkalari yigirma besh yilgacha boʻlgan muddatga ijaraga beriladi.
Ijarachi yer uchastkalari ijara shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin shartnomani yangilashda boshqa teng sharoitlarda ustun huquqqa ega.
Yer uchastkalarini ijaraga olganlik uchun haq toʻlash tartibi va uning miqdori ijara shartnomasida qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
Yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Jiyanboyev Zuhriddin Ermat oʻgʻli