Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish


Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini uzaytirishda sharoitlar teng boʻlgan hollarda, boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega boʻladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar uch oy ichida bunday shartnomani uzaytirish istagi haqida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish toʻgʻrisidagi murojaati kelib tushgan paytdan eʻtiboran bir oy ichida ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirishga asoslantirilgan rad javobini bermasa va bu haqda ijaraga oluvchini xabardor qilmasa, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi avvalgi shartlar asosida yangi muddatga uzaytirilgan hisoblanadi.

Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirishni asossiz rad etgan holda yer uchastkasini ijara muddati yakunlanganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxsga ijaraga bersa, ijaraga oluvchi shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlar oʻziga oʻtkazilishini hamda shartnomani yangi muddatga uzaytirish rad etilishi munosabati bilan oʻziga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini yoki faqat zararning oʻzi qoplanishini sud orqali talab qilishga haqli.

Agar ijaraga oluvchi yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin ham yer uchastkasidan foydalanishni davom ettirsa, shartnomaning amal qilish muddati tugagunga qadar ijaraga beruvchi tomonidan eʻtirozlar boʻlmasa, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma oʻsha shartlar asosida xuddi oʻsha muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda yer uchastkasining dastlabki va yangi muddatga uzaytirilgan birgalikdagi umumiy ijara muddati eng koʻp (oxirgi) muddatdan oshib ketmasligi kerak.

 

Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Maxamatov Nematjon Narimon oʻgʻli