Янгиликлар
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi
Butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
1) yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
2) yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, bundan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish hollari mustasno;
3) yuridik shaxs tugatilganda;
5) xizmatda foydalanish uchun chek yer berib qoʻyishga asos boʻlgan mehnatga oid munosabatlar bekor boʻlganda, agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa;
6) yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;
7) yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda;
8) yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
9) qonunchilikda belgilangan muddatlarda yer soligʻi, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam toʻlanmay kelinganda;
10) qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;
Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi belgilangan tartibda quyidagi hollarda bekor qilinadi:
1) yer uchastkasiga, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazilganda;
2) jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olinganda;
3) qonunda belgilangan hollarda yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga musodara etilganda;
4) qonunda belgilangan hollarda yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga rekvizitsiya qilinganda;
5) ijro hujjatlari boʻyicha undiruv yer uchastkasiga qaratilganda.
Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini koʻrsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga koʻra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladi. Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar yer uchastkalariga egalik qilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda koʻrsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni ochiq tanlov va elektron onlayn-auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomani bekor qilish yoki oʻzgartirish yoʻli bilan bekor qilishga haqli emas, bundan ushbu moddada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori yer uchastkasiga boʻlgan huquqlardan voz kechishidan yaqqol dalolat beruvchi xatti-harakatlar (chet elga joʻnab ketganlik, yer uchastkasidan belgilanganidan koʻproq muddat davomida foydalanmaslik) sodir etgan taqdirda, bu yer uchastkasi qonunchilik bilan belgilangan tartibda egasiz mol-mulk tariqasida hisobga olinadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlardan voz kechish mazkur yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori majburiyatlarining, yer uchastkasi boshqa shaxsga berilgunga qadar, biroq voz kechilgan paytdan yoki egasiz mol-mulk tariqasida davlat roʻyxatiga olingan kundan eʻtiboran uzogʻi bilan bir yil mobaynida, bekor qilinishiga sabab boʻlmaydi.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Maxamatov Nematjon Narimon oʻgʻli