Янгиликлар
Tungi vaqtdagi ishning davomiyligi
Tungi vaqtdagi ishning davomiyligi
Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha boʻlgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi.
Agar xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) davomiyligining kamida yarmi tungi vaqtga toʻgʻri kelsa, tungi vaqtdagi ishning davomiyligi ish haftasining davomiyligi tegishli ravishda qisqartirilgan, keyinchalik ishlab berilmagan holda bir soatga qisqartiriladi.
Agar jamoa shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan xodimlar uchun, shuningdek tungi vaqtda ishlashga maxsus qabul qilingan xodimlar uchun tungi vaqtdagi ishning (smenaning) davomiyligi qisqartirilmaydi.
Mehnat sharoitlariga koʻra zarur boʻlgan hollarda, shuningdek olti kunlik ish haftasidagi smenali ishlarda tungi vaqtdagi ishning davomiyligi kunduzgi vaqtdagi ishning davomiyligi bilan tenglashtiriladi. Mazkur ishlar roʻyxati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilanishi mumkin.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Ozodov Asilbek Ulugʻbekovich