Янгиликлар
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar
Ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi koʻpi bilan ikki soat va kamida oʻttiz daqiqa boʻlgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi toʻrt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin.
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi.
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti umuman barcha xodimlar uchun yoki tarkibiy boʻlinmalar, brigadalar va xodimlarning ayrim guruhlari uchun alohida belgilanishi mumkin.
Xodimlar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanadi. Bu vaqtda ular ish joyidan chiqib ketishi mumkin.
Agar ish kunining (smenaning) davomiyligi sakkiz soatdan oshgan hollarda xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilangan boʻlsa, xodimga dam olish va ovqatlanish uchun ikkita tanaffus berilishi kerak.
Ishlab chiqarish (ish) sharoitlariga koʻra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish imkoni boʻlmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida dam olish va ovqat yeyish imkoniyatini taʻminlashi shart. Bunday ishlarning roʻyxati, shuningdek dam olish va ovqat yeyish uchun joylar ichki mehnat tartib qoidalari bilan belgilanadi.
Qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida ayrim toifadagi xodimlarga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berishning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshyurist konsulti Ozodov Asilbek Ulugʻbekovich