Янгиликлар
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatiladi
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatiladi
Yaylovlarni muhofaza qilish, ulardan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, yaylov xo‘jaligini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, sohada boshqaruvning ixcham va samarali tizimini joriy etish, chorvachilik xo‘jaliklarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish maqsadida joriy yilning 30 yanvar kunida Muhtaram Prezidentimizning “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi
Farmonga asosan, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatiladi.
Mazkur farmon bilan ipakchilik qo‘mitasining vazifa va funksiyalari
-yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalari – Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga;
-pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini rivojlantirishga oid vazifa va funksiyalari – Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga;
-Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi – Veterinariya qo‘mitasi tizimiga;
-Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti – Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, mazkur farmonga ko‘ra;
-Veterinariya qo‘mitasi muassisligida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari (hududiy yaylov xo‘jaliklari);
-Veterinariya qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi;
-Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, hududiy yaylov xo‘jaliklari yaylov yerlarini boshqarish va ulardan foydalanish, o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan yaylovlarni ijaraga berish sohasida o‘rmon xo‘jaliklari uchun belgilangan huquq va majburiyatlardan foydalanadi.
Ushbu farmon bilan yaylovlar chorvachilik va boshqa xo‘jaliklarga Respublika komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 49 yilgacha ijaraga beriladi.
Farmonga asosan, 2025 yil 1 dekabrgacha yaylovlardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi “E-yaylov” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Yangiyo‘l tumani adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti Sh. Amriyev