Янгиликлар
Endilikda Onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endilikda Onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bugungi kunda ayollar orasida turli xil kasalliklar ko‘payib borishining oldini olish, ayniqsa ayollar orasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish, skrining jarayonlarini samarali tashkil qilish, zamonaviy skrining usullarini amaliyotga keng joriy etish, ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish hamda mutaxassislarning bilimlarini oshirish va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 22 noyabr kunida “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Mazkur Qarorga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30–65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi.
Har yili 30–50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
30–65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi.
Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
-onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor hamda mobil va stasionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar shtatlari joriy etiladi;
Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi;
-odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens-laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
-bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi.
2025 yil 1 mayga qadar:
-bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimi;
-skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimi joriy etiladi.
Barchamizga ma’lumki onkologik kasalliklar hech qanday sipmtomplarsiz, birorta belgilarsiz vujudga keladi. Oqibatda ularni aniqlash imkoni judayam qiyinlashadi. Kasallik qancha kech aniqlansa, kasallik darajalariga qarab ularni davolash imkoniyati ham ancha pasayadi. Onkologik kasalliklar qancha tez tashxis qo‘yilib, erta aniqlansa ularga qarshi kurashish shuncha osonlashadi.
Bugungi kunda dunyoda ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda bachadon bo‘yni va bachadon tanasi raki judayam ko‘p uchraydi. Ko‘p hollarda ayollar kechikib murojaat qilishadi. Buning sababi ham bor. Kasallik belgilarsiz rivojlanadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, yuqorida qabul qilingan qaror davr talabi. Sog‘lom onadan keajagimiz bo‘lgan sog‘lom bola tug‘iladi.
Yangiyo‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova.