Янгиликлар
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosati takomillashtiriladi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosati takomillashtiriladi
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan imtiyozli resurslar, mexanizm va yengilliklardan foydalanish samaradorligini oshirish orqali aholi bandligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida rasmiy band bo‘lgan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish bugungi kuning dolzarb masalalaridan biriga aylangan bo‘lib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan mas’ul vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi ijrosi ta’milanib kelinmoqda.
Shuningdek, Inson resurslarini rivojlantirish, mehnat bozorini isloh qilish, bandlikning zamonaviy shakllarini tatbiq qilish tufayli kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, xalqaro andozalar asosida munosib mehnat munosabatlarini keng joriy qilish maqsadida joriy yilning 4 oktyabr kunida Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Qarorga ko‘ra, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida quyidagilar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi, jumladan:
-mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish;
-aholi bandligini ta’minlash dasturlarini shakllantirish, bo‘sh ish o‘rinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga joylashtirish;
-kambag‘allikni qisqartirish;
-hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish;
-kasbiy standartlarni ishlab chiqish, kasb-hunar va horijiy tillarga o‘qitish , malakani baholash;
-munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat me’yorlariga rioya etilishini o‘rganish, mehnat huquqini ta’minlash hamda mehnatni muhofaza qilish;
- Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatildi.
Shuningdek, 2025 yil 1 dekabrgacha:
-50 ta tumanda, 2026 yilda qolgan tumanlarda 50–100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog‘ va uzumzorlar tashkil etiladi;
-ijara asosida yer maydonlari ajratilgan tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi.
Bugungi kunda Respublikada ishsizlik va kambag‘allik darajasini tushirishda yaratib berilgan yangi mexanizmlar va moliyaviy instrumentlar muhim omil bo‘lish bilan bir qatorda Hokim yordamchilari mahalladagi ishsizlarni xohish istaklari hamda mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqib, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishga jalb etib kelmoqda.
Yangiyo‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova