Янгиликлар
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi 35-moddasiga asosan: Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatiga olinishi kerak.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish yer uchastkalari joylashgan yerda amalga oshiriladi. Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reestriga quyidagilar kiritiladi:
1) yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni olgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) yer uchastkasining tavsifi (erlarning toifasi, foydalanish maqsadi, maydonining turi, sathi, birgalikda egalik qilish yoki foydalanish ulushi, chegaralari, kadastr tartib raqami va boshqa tavsifnomalari);
3) yer uchastkasi berish to‘g‘risidagi shartnoma talablariga, yer uchastkasini saqlash vazifalari va servitutlarga oid ma’lumotlar;
4) viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berish haqidagi qarorlari;
5) qonunchilikda belgilangan boshqa ma’lumotlar.
Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatiga olish yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi zarur hujjatlar ham ilova etilgan ariza kelib tushgan paytdan e’tiboran o‘n kunlik muddatda tegishli vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reestridan elektron ko‘chirma beriladi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
davlat ro‘yxatiga olish organida mazkur yer uchastkasi kimga tegishli ekanligi to‘g‘risida nizo borligidan dalolat beruvchi hujjatlar mavjudligi;
davlat ro‘yxatiga olish organida mazkur yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjudligi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi deb qayt etilgan.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti R.M.Mirzaaxmedov