Янгиликлар
Ijtimoiy taʼtillar qanday holatlarda taqdim etiladi?
Ijtimoiy taʼtillar qanday holatlarda taqdim etiladi?
Xodimlarga onalik, bolalarni parvarishlash, taʼlim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladigan taʼtillar ijtimoiy taʼtillardir. Mehnat qonunchiligiga koʻra, xomiladorlik va tugʻish taʼtillari, bola parvarishlash taʼtili, oʻquv taʼtili, ijodiy taʼtillar ijtimoiy taʼtillar sifatida baholanadi.
Ayolga tugʻruqqacha yetmish kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili beriladi.
Bunda oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
Homiladorlik va tugʻish taʼtili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tugʻruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qatʼi nazar, toʻliq beriladi.
Ayolga uning xohishiga koʻra, bolasi uch yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qoʻshimcha taʼtil ham beriladi.
Bolani parvarishlash taʼtillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu taʼtillarning koʻpi bilan olti yili mehnat stajiga qoʻshiladi, shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshib hisoblanadi.
Kelgusidagi yillik mehnat taʼtilini olish huquqini beruvchi ish stajiga, agar jamoa shartnomasida, shuningdek tashkilotning ichki hujjatida yoxud mehnat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bolani parvarishlash taʼtillari vaqti kiritilmaydi.
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirayotgan xodimlar uchun ham oʻziga xos kafolatlar taqdim etiladi. Kirish imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan xodimlarga oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun kamida oʻn besh kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi, taʼlim tashkilotlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi.
Bo’stonliq tumani adliya bo’limi
YuXKM bosh yuriskonsulti A.Rajabov