Янгиликлар
Yer uchastkalarini xo‘jalik ichida taqsimlash. Oila (jamoa) pudrati to‘g‘risida
Yer uchastkalarini xo‘jalik ichida taqsimlash.
Oila (jamoa) pudrati to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi 51-moddasiga asosan: Qishloq xo‘jaligi kooperativlari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarida yer uchastkalari, qoida tariqasida, oilalarga qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish uchun kamida besh yil muddatga foydalanishga oila pudrati shartnomasi shartlari asosida beriladi.
Yer uchastkalari muayyan turdagi qishloq xo‘jaligi ishlarini bajarish uchun qishloq xo‘jaligi kooperativlari a’zolarining va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlari xodimlarining guruhlariga ham kamida besh yil muddatga foydalanishga jamoa pudrati shartnomasi shartlari asosida berilishi mumkin.
Oila pudrati — qishloq xo‘jaligi kooperativi va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonasi, muassasasi hamda tashkiloti tomonidan oilaga vaqtincha foydalanishga oila pudrati shartnomasi shartlari asosida berilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishda oila a’zolarining bevosita ishtirok etishiga asoslangan ishlab chiqarish va mehnatni xo‘jalik ichida tashkil etish shaklidir.
Oila (jamoa) pudrati shartnomasi har yili qishloq xo‘jaligi kooperativi, boshqa jamoa qishloq xo‘jaligi korxonasi boshqaruv organlari orqali shu kooperativ, jamoa korxonasi bilan yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining ish beruvchisi (ma’muriyati) bilan oila boshlig‘i (jamoaning vakolat berilgan vakili) o‘rtasida tuziladi.
Oila (jamoa) pudrati shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
yer uchastkasining o‘lchami, joylashgan yeri va holati;
yer uchastkasidan foydalanish shartlari, taraflarning almashlab ekish sxemasiga muvofiq yerning hosildorligi va sifatini oshirish borasidagi, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish borasidagi majburiyatlari;
yetishtiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotining miqdori va turlari, uning sifati;
yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotining bahosi, unga haq to‘lash va uni realizatsiya qilish shartlari;
sug‘orish uchun suv va moddiy-texnika resurslari bilan pudratchini ta’minlash;
taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi va ularning xohishiga ko‘ra boshqa shartlar.
Oila (jamoa) pudrati shartlari asosida beriladigan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalaniladi, bunda haydaladigan yerlar maydoni o‘lchamlarining kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yer uchastkasining o‘lchamlari va uning chegaralari taraflarning kelishuviga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin.
Oila (jamoa) pudratida mehnatga haq to‘lash yakuniy natijalarga ko‘ra — yetishtirilgan mahsulotning shartnomada nazarda tutilgan miqdori, sifati va bahosiga ko‘ra amalga oshiriladi. Shu bilan birga oila a’zolari (pudratchilar) — pay egalari xo‘jalikning yil davomidagi faoliyati yakuniy natijalariga ko‘ra aniqlanadigan dividendlar oladilar.
Oila (jamoa) pudrati shartlari asosida berilgan yer uchastkasi uchun pudratchidan yer haqi undirilmaydi. Bu uchastkalardan olinadigan yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi kooperativi va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlari belgilangan tartibda to‘laydi.
Pudrat shartnomasi shartlari asosida olingan yer uchastkasini ijaraga yoki yordamchi pudratga berish taqiqlanadi.
Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan taqdirda pudratchi zarar va boshqa xarajatlar ushbu Kodeks 86-moddasiga muvofiq qoplanishini talab qilish huquqiga ega deb qayt etilgan.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti R.M.Mirzaaxmedov