Янгиликлар
Harbiy xizmatchilarning javobgarligi to‘g‘risida
Harbiy xizmatchilarning javobgarligi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlarining ichki xizmat nizomiga asosan: Barcha harbiy xizmatchilar, ularning harbiy unvoni va mansabidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar va o‘zlarining huquqiy maqomlari xususiyatlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan javobgarlikni zimmalariga oladilar. Harbiy xizmatchilar harbiy intizom, axloq va askariy or-nomus me’yorlarini buzish bilan bog‘liq nojo‘ya qilmishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom Nizomida belgilangan asosda va tartibda intizomiy javobgarlikka tortiladilar. Harbiy xizmatchilar Intizom Nizomiga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladilar. Yo‘l harakatlari qoidalarini, ov qilish, baliq ovlash va baliq zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini, bojxona qoidalarini buzganliklari uchun bunday shaxslar umumiy asosda javobgarlikka tortiladilar. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish, muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchilarga esa jarima solish choralari qo‘llanishi mumkin emas. Harbiy xizmatchi fuqarolik qonunlarida ko‘zda tutilgan majburiyatlarni ijro etmaslik yoxud ko‘ngildagidek ijro etmaslik uchun qonunda ko‘zda tutilganidan boshqa hollarda ham davlatga, fuqarolarga yetkazilgan zarar uchun fuqarolik huquqiy javobgarligiga tortiladi. Harbiy xizmatchilar harbiy xizmat majburiyatlarini ijro etish chog‘ida davlatga yetkazilgan moddiy zarar uchun harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq moddiy javobgarlikka tortiladilar. Harbiy xizmatchilar sodir etilgan jinoyat uchun O‘zbekiston Respublikasining jinoyat Kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladilar. Harbiy xizmatchilar sodir etilgan huquqbuzarlik uchun, odatda, javobgarlikning bitta turiga tortiladilar. Sodir etilgan huquqbuzarlik uchun intizomiy ta’zirga tortilgan harbiy xizmatchilar bu huquqbuzarlik uchun jinoiy javobgarlikdan ozod etilmaydi. Moddiy zarar yetkazish bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etilgan hollarda, harbiy xizmatchilar huquqiy javobgarlikning boshqa turiga tortilishidan yoxud jamoat ta’siri choralari qo‘llanishidan qatiy nazar zararni to‘laydilar. Jamoat ta’siri choralari harbiy xizmatchilarga ularning harbiy intizom va jamoat tartibini buzishi bilan bog‘liq nojo‘ya harakatlari uchun qo‘llanishi mumkin. Javobgarlikka tortilayotganda harbiy xizmatchilarning or-nomusi va qadr-qimmatini poymol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi deb qayt etilgan.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti R.M.Mirzaaxmedov